Kadastr agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi, Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida 2022 yil davomida sohada amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Prezidentimizning 2022 yil 21 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori yer uchastkalaridan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish, yerlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar talon-toroj qilinishining oldini olish, mazkur jarayonlarga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish orqali sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
– Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi va uning hududlardagi xodimlari tomonidan jami 349 ta holatda 26,6 gektar yer maydonni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari aniqlagan, – deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Elbek Eshpo‘latov. – Mazkur qonun buzilishlarning 217 tasidagi holatlar ixtiyoriy hal etilgan bo‘lsa, qolgan 132 holat bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. O‘tkazilgan tadbirlar davomida 2868 nafar shaxslar yer qonunchiligini buzganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
[gallery-10507]
bugungi kunga qadar Davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi va uning hududiy filiallari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 319,2 gektarga teng 3179 ta bo‘sh yer uchastkasi “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi dasturiga kiritilgan.
– Yakunlangan yilda 2682 ta bo‘sh yer uchastkasiga ijobiy xulosa berilgan bo‘lsa, 492 ta yer uchastkasiga qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan hamda bo‘sh bo‘lmaganligi sababli takliflar rad qilingan, – deydi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Olimov. – Viloyatda 3,5 mingta bino va inshootlar uchun ipoteka shartnomalari, 68 ta ko‘chmas mulk ob’ektining ijara shartnomalari, 9 ming 173 ta yakka tartibdagi turar joy, 4 ming 862 ta noturar joy ob’ektlari, 3 ming 266 ta noturarjoy ob’ektlari uchun berilgan yer uchastkalari, 11 ming 513 ta xususiylashtirilgan kvartiralar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shuningdek, viloyat bo‘yicha 5039 ta ko‘chmas mulk ob’ektlariga manzil berildi.
Ayni paytda 227 ta avto yo‘llarning 3641,5 kilometr yo‘liga kadastr hujjatlari shakllantirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, 227 ta kanallarning qariyib 351,5 kilometri “Uzkad” dasturiga kiritildi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida” gi qonuni mazmun-mohiyati to‘g‘risida ham tushunchalar berildi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA