Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori A.Gafurov boshchiligidagi ishchi guruh joylarda islohotlarning borishini o‘rganish, tez tibbiy yordam stansiyalari, tayanch punktlari ish faoliyati bilan yaqindan tanishish, xodimlarni ish faoliyatida qiynayotgan muammolarni aniqlash, shuningdek, xalqimizni tez tibbiy yordam xizmatidan roziligini o‘rganish maqsadida Buxoro viloyatida bo‘ldi.
Ishchi guruhi Prezidentimizning 2022 yil 16 iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini o‘rgandi. Mazkur qaror bilan aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Dastavval, tez tibbiy yordam xizmatining vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. Navbatdagi vazifa tez tibbiy yordam markazi viloyat filiali uchun bino qurish, tizimni avtomatlashtirish, avtoparkni bosqichma-bosqich yangilash, zamonaviy Call markazlarni tashkil etish va xodimlar malakasini oshirishning shaffof tizimini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Markaz direktori A.Gafurov ushbu islohotlarni jadallashtirish maqsadida viloyat hokimligi, loyihalash instituti, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va viloyat moliya boshqarmasi mas’ullari bilan uchrashdi. Muammolarni hal qilish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Shuningdek, Shofirkon tumani tez tibbiy yordam stansiyasi va tayanch punktlaridagi holatni o‘rgandi. Tizimni rivojlantirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va tavsiyalarni berdi.
–Joriy yilning bugungi kuniga qadar 160 mingga yaqin aholidan chaqiriqlar bo‘lgan, – deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi Buxoro viloyati filiali direktori Oybek Ro‘ziyev. – Ishchi guruhining o‘rganishlaridan so‘ng G‘ijduvon tumani yangi podstansiya qurilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi. Viloyatning tuman (shahar) tez tibbiy yordam stansiyalari va tayanch punktlarini ta’mirlanadi. 103 tizimidagi barcha xodimlar ya’ni vrach, feldsher va haydovchilar uniforma bilan bir xil ta’minlanadi. Shuningdek, barcha shifokor va feldsherlarning malakasi oshiriladi. 2023 yilning iyun oyida 103.meddata.uz avtomatlashtirish tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan. Stansiyalarda pullik xizmatlar tashkil etiladi. Davlat sherikchilik tizimi orqali LOR, stomatologiya, kunduzgi shifoxona va fizioterapiya yo‘nalishlarni ochib aholiga qulay sharoitlar yaratiladi.
Viloyat tez tibbiy yordam tizimida xizmat qilayotgan rahbarlar, shifokorlar, feldsherlar, kichik tibbiyot xodimlari va haydovchilar vakillaridan iborat katta jamoa bilan uchrashdi. Unda tizimni rivojlantirishdagi mavjud muammolar muhokama qilindi. Taklif va tavsiyalar tinglandi.
Yig‘ilishda Buxoro viloyatida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish, xodimlarni mehnat sharoitini yaxshilash, ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratish va pirovardida ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam sifatini oshirib, xalqimizning tez tibbiy yordam xizmatidan roziligiga erishish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA