Buxoro viloyati Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining qiymati 650 million AQSH dollariga teng bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini loyihalashtirish va qurish ishlari boshlangan.
Loyihalar Prezidentimizning 2021 yil 23 fevraldagi “Buxoro viloyatining Peshku hamda G‘ijduvon tumanlarida quvvati 300-500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurishga doir investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq Saudiya Arabistoni Qirolligining “ACWA POWER” xorijiy kompaniyasi sarmoyasi asosida amalga oshirilmoqda.
Loyihani amalga oshirish uchun Buxoro viloyati hokimining “Buxoro viloyatida shamol elektr stansiyasi va havo elektr uzatish tarmoqlarining tayanch qurilmalarini qurish uchun yer uchastkalari ajratish to‘g‘risida” gi qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra Peshku va G‘ijduvon tumanlari cho‘l massivlaridan alohida yer maydonlari ajratilgan. Loyihalarni amalga oshirish maqsadida yuqoridagi qarorga muvofiq Peshku tumanida “ASWA Rower Dzhankeldy Wind” hamda G‘ijduvon tumanida “ACWA Power Bash Wind” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tuzilgani holda zarur tashkiliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Loyihalarni amalga oshirish doirasida Peshku va G‘ijduvon tumanlarida umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish uchun Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda loyiha yer maydonlarida meteo-machtalar o‘rnatilgan. 1 yillik ko‘rsatkichlarning tahlili olingan. Shuningdek, kompaniya tomonidan loyiha yer maydonida qo‘shimcha o‘rganishlar, jumladan, bioxilma-xillik, topografik, geotexnik ishlari nihoyasiga yetkazilgan. Bugunga kelib esa shamol elektr stansiyasi uchun ajratilgan Peshku tumanida 154, G‘ijduvon tumanida esa 172 gektar yer maydonida machtalarni o‘rnatish, har bir tuman hududida 2 ta podstansiyani qurish, shuningdek, loyiha davomida umumiy uzunligi 291 kilometr masofadagi 500 kVt kuchlanishga ega havo elektr uzatish liniyasini tortish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar amaliyoti boshlangan. Birinchi shamol trubinalari “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘iniga yetib keldi.
Ma’lumot uchun, Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, Buxoro viloyatida energetika sanoatini rivojlantirish yo‘nalishida 2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobidan 1 ta gaz-porshenli elektr stansiyasi, 2 ta shamol va 2 ta fotoelektr stansiyasini qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA