Farg‘ona shahrida zargarlik markazi – oltinni qayta ishlab zargarlik buyumlari ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi. Bu zargarlik sanoatini hududiy rivojlantirish maqsadida respublikamizda tashkil etilgan uchinchi zargarlik markazi hisoblanadi.
Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Farg‘ona vodiysida qadimdan zargarlik rivojlangan. Prezidentimizning joriy yil 26 iyundagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimiz bo‘yicha uchinchi zargarlik markazi Farg‘onada ochilgani ham qadimiy an’analarning bardavomligidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan zargarlik sanoatga aylanayotgani, natijada zargarlik buyumlari eksporti ortayotgani quvonarlidir. Jumladan, 2025 yilning sakkiz oyi davomida yurtimizda 278 million dollarlik 3386 kilogramm tayyor zargarlik buyumlari eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 482 foizga o‘sish degani. Ishlab chiqarish xajmi ham ortmoqda. Joriy yilning sakkiz oyi davomida zargarlik buyumlari ishlab chiqarish hajmi 12 ming 600 kilogrammni, qiymati esa 7 trillion 614 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 244 foiz ko‘pdir.

– Zargarlik sohasidagi kichik va o‘rta biznes vakillarini bir joyda jamlab faoliyat yuritishlari uchun muayyan ishlar amalga oshirildi, – “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi raisi Shohrux To‘ychiboyev. – Xususan bu borada qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida 9 ta loyihani amalga oshirish belgilandi. Ayni paytgacha mazkur loyihalardan ikkitasi amalga oshirildi. Ya’ni Andijon va Toshkent shaharlari zargarlik klasterlari ish boshladi. Farg‘onadagi markazning ochilishi mazkur loyihaning davomidir. E’tiborli jihati markazlar ichida “O‘zmilliybank” AJ ning oltin zaxiralari joylashtirilgan. Bu ishlab chiqaruvchiga o‘ziga xos qulaylik yaratadi. Ya’ni tadbirkor uzoq masofani bosmasdan turib O‘zmilliybankni zaxirasidan kerakli tillani olib bemalol ishlab chiqarishini davom ettirishi mumkin.

Farg‘onada ish boshlagan yangi xorijiy korxonaning “Ferga gold” brendi ostidagi mahsulotlari zamonaviy dizayn va yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Korxona eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Loyiha qiymati 6 million dollarni tashkil etadi. Bu yerda Turkiya va ozarbayjonlik investorlar bilan hamkorlikda yillik umumiy qiymati 2,2 trillion so‘mlik 1,5 tonna zargarlik buyumlari tayyorlanadi.

Farg‘onada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat mahalliy bozorda sotiladi, balki AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Turkiya va Xitoy kabi yirik bozorlarga ham eksport qilinadi.

Markazning ochilish marosimida Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda sanoatning barcha yo‘nalishlari, shu jumladan, zargarlik sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun berilayotgan imtiyozlar xususida so‘z bordi. Mazkur korxona ana shu ishlarning amaldagi samarasi ekanligi ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, markazda 300 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda esa 60 nafar mahalliy aholi ishga qabul qilingan. Korxonada o‘quv markazi ham tashkil etilgan bo‘lib, turk zargarlari tomonidan zargarlikka qiziquvchi yoshlarni ushbu hunarga o‘rgatish ko‘zda tutilgan.
Kamola Yusupova,
O‘zA muxbiri