Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori ijroda: Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ko‘magidan aholi mamnun
09:50 / 2022-11-10

Sirdaryoda joriy yilning o‘tgan davrida davlat tibbiy sug‘urtasi ko‘magida imtiyozli toifaga kiruvchi 66 nafar fuqaroda yurak koronar qon-tomirlari bilan bog‘liq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Ushbu amaliyot Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati mintaqaviy filialida Sirdaryolik endovaskulyar xirurglar tomonidan amalga oshirildi.

– Xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan qoplab berildi, – dedi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi bosh mutaxassisi Dilorom Ergasheva. – Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi "Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori ijrosi doirasida ko‘p xarajat talab etadigan, yurak qon-tomir, ko‘z va insonning boshqa a’zolari bilan bog‘liq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi bir qator davolash muassasalarida yo‘lga qo‘yildi. Bu esa bemor va uning yaqinlari uchun katta imkoniyat bermoqda. Vaqt va mablag‘ yo‘qotib poytaxtga davo izlab borishi uchun hojat qolmadi. Qolaversa, Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini Sirdaryoda joriy etilishi natijasida ijtimoiy ahvoli og‘ir, imkoniyati yo‘q fuqarolar jamg‘arma yordami bilan og‘ir asoratli, kattagina mablag‘ni talab etuvchi kasalliklardan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari natijasida tez va oson, xarajatsiz forig‘ bo‘lmoqda.  

Joriy yilning o‘tgan davrida Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialida ham jamg‘arma ko‘magida 400 ga yaqin fuqaroda ana shunday yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotini talab etadigan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Guliston tibbiyot klasterining neyrotravmotologiya bo‘limida ham yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini talab etiladigan chanoq son suyagini yemirilishi bilan bog‘liq endoprotezlash amaliyotlari bajarilmoqda. Ushbu turdagi amaliyotni Guliston tibbiyot klasterining neyrotravmatologiya bo‘limi neyrotravmatolog va jarrohlari Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi malakali mutaxassislari bilan ustoz shogird an’analarini saqlagan holda o‘tkazmoqda. Bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar holati esa Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mutaxassislari tomonidan monitoring qilinib, xarajatlar jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda.  

Shuhrat Suyarov,  

O‘zA.