Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori ijroda: chiqindidan tayyor mahsulotgacha
08:45 / 2023-05-18

Aholi sonining yil sayin ko‘payib borishi ularning iste’mol tovarlariga bo‘lgan ehtiyojining kundan kunga ortishiga sabab bo‘ladi va bu o‘z navbatida o‘zimiz yashayotgan muhitda chiqindilar muammosini yuzaga keltirmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 17 apreldagi “2019 — 2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Jizzax viloyatida ham qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimining infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Chiqindilar muammosi bugungi kunda dunyodagi eng global ekologik muammolardan biriga aylangan. Uni oldini olishning asosiy yechimlaridan biri aholining ekologik savodxonligini oshirish bo‘lsa, ikkinchisi, hosil bo‘lgan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash mexanizmlarini tatbiq etish hisoblanadi.  

Jizzax viloyatida chiqindilardan tayyor mahsulot ishlab chiqarish tajribasi keyingi yillarda ommalashmoqda. Bu faoliyat bilan mashg‘ul tadbirkorlar davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani yaxshi samara beryapti. Tashabbuskorlar xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib, o‘ziga xos ishlab chiqarish tarmoqlarini ishga tushiryapti. Natijada aholi xonadonlarida hosil bo‘lgan qattiq maishiy chiqindilar tadbirkorlar tomonidan saralangan holda yig‘ib olinib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilayotir. Eng muhimi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va arzonligi xalqimizga manzur bo‘lmoqda.  

Prezidentimiz tomonidan o‘tgan 2022 yilning 2 fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maishiy chiqindi to‘plash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi.  

Shundan kelib chiqib, Jizzax viloyatida ekologik muammolarni hal etishda mavjud imkoniyatlarni ishga solib, maishiy chiqindilarni qayta ishlash tizimini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda Jizzax viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni saralab qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 24 ta tadbirkorlik sub’ektlari mavjud.  

Jumladan, “Elita Lyuks Plast” MCHJ 2019 yilda tashkil topgan bo‘lib, asosan polietilen quvurlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Korxona aholidan turli xildagi plastmassa chiqindilarni sotib olib, qayta ishlaydi. O‘tgan 2022 yil korxona tomonidan 380 tonna ikkilamchi xom ashyo qayta ishlandi. Qayta ishlash natijasida esa 324 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarildi. Ayni kunda korxonada 15 nafar fuqaro doimiy ish bilan band bo‘lmoqda.  

 –  Plastik idishlar o‘zining afzalliklariga qaramasdan, ekologiya uchun dolzarb muammolardan biriga aylandi. Plastik idishlarni ko‘cha yoki atrof muhitga tashlayotib, juda ham ko‘pchilik ularning bir necha 10 yilliklar davomidagina parchalanishi mumkinligi haqida o‘ylab ham o‘tirmaydi, – deydi “Elita Lyuks Plast” MCHJ rahbari Tolib Xolmurodov. – Plastik chiqindilar turli ishlab chiqarish sohalari uchun birlamchi xom ashyo vazifasini bajaradi. Demak, bunday turdagi chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash orqali kattagina daromad topish mumkin. Korxonamizda Xitoydan keltirilgan avtomatlashtirilgan zamonaviy texnologiya yordamida turli hajmdagi polietilen quvurlarni ishlab chiqarmoqdamiz. Bunda saralashdan tashqari barcha amaliyotlar avtomatik rejimda bajarilyapti.  

Soha mutaxassislarining bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 1 tonna qog‘ozni qayta ishlash orqali 700 ta daraxtni saqlab qolish mumkin ekan. Bir dona daraxtni ekib, uni parvarishlash uchun 5-10 yillik  inson umri sarf bo‘ladi. Endi, 700 ta daraxtni o‘stirib, keyin undan qog‘oz ishlab chiqarishni tasavvur etib ko‘ring. Bundan ko‘ra ishlatilgan qog‘ozlarni qayta ishlash, ham tabiat uchun foydali, ham  chiqindilar miqdorinining kamayishi ekologiya uchun afzaldir.  Buni to‘g‘ri anglagan jizzaxlik tadbirkor Kamtar Dostonov 2014 yilda qog‘oz chiqindilarini qayta ishlovchi korxonani tashkil etdi.    

– Zamonaviy texnologiya yordamida ikkilamchi qog‘oz mahsulotlari 6 bosqichdan o‘tib tayyor karton qog‘oz holatiga keltiriladi, – deydi jizzaxlik tadbirkor Kamtar Dostonov. – Tayyor mahsulot esa karton quti tayyorlanadigan tadbirkorlarga yetkazib berilmoqda. O‘tgan yili korxonamiz tomonidan 1 ming 800 tonna ikkilamchi qog‘oz xom ashyosi qayta ishlanib, 2 ming 640 tonna karton mahsulot ishlab chiqarildi.  

– Viloyatimizda chiqindilarni qayta ishlash faoliyati bilan  shug‘ullanuvchi jami 24 ta korxona va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 2023 yilning  1-choragigacha 17 ming 808 tonnaga yaqin chiqindilar saralanib, ikkilamchi xom-ashyo sifatida qayta ishlandi, – deydi Tabiat resurslari vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi matbuot kotibi Zamira Abdullayeva. – Jizzax viloyati hududida 2023 yilning 1-choragida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi reja bo‘yicha 21 foizga bajarilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, amalda esa bu ko‘rsatkich 26 foizni tashkil etmoqda.  Joriy yil yakuniga qadar viloyatda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi 42,3 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.  

E’tiborlisi, Jizzax viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash borasida samarali tizimni yaratishga va ularning fuqarolar sog‘lig‘i va atrof-muhitga zararli ta’sirini bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

A.QAYUMOV,

J.YORBEKOV (surat), O‘zA