Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida Buxoro viloyatida ham keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, viloyatda 2850 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyalari o‘rnatish bo‘yicha 5 kompaniya bilan kelishuvlar imzolanib, qurilish jarayonlari qizg‘in davom etmoqda.
Jumladan, “ACWA POWER” xorijiy kompaniyasi tomonidan Peshku va G‘ijduvon tumanlarida qiymati har biri 650 million dollarga teng bo‘lgan quvvati 300-500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish natijasida 2000 ish o‘rni yaratiladi hamda elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari rivojlantiriladi. Buning natijasida, iqtisodiyot tarmoqlarini va aholini energiya resurslari bilan barqaror va sifatli ta’minlanadi. 2023 yilda ushbu loyiha doirasida 300 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilmoqda.
Yana bir muhim ma’lumot, joriy yil 1 aprelidan boshlab respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli umumiy quvvati 50 kVt gacha quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi ishga tushdi. Aholi tomonidan sotilgan elektr energiyasi uchun mablag‘lar har oy “Soliq” mobil ilovasi orqali fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib berilyapti. Bu bilan birinchidan xonadon egalari o‘z talablarini qondirish imkoniga ega bo‘layotgan bo‘lsa, ikkinchidan iste’molidan ortgani hisobidan qo‘shimcha daromad ham topyapti.
Buxoro shahridagi Afshor mahallasi 11-xonadon egalari bu dastur nechog‘li manfaatli ekanini bugun o‘z tajribalarida sinab ko‘rdi.
–Xonadonimizga quyosh batareyasini o‘rnatdik, – deydi xonadon egasi O‘ktam Murodov. – Afzalliklari juda ham ko‘p ekan. Ortiqcha elektr energiyani davlatga sotyapmiz. Bizlar juda ham minnatdormiz. Juda ham yaxshi foydali narsa.
Ma’lumki, dasturga asosan jismoniy shaxslar tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan va o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt/soatiga 1000 so‘mdan subsidiya ajratilmoqda. Bu ham aholiga yana bir qulaylikni taqdim qilyapti.
– Hozirgi ushbu xonadonning kunlik iste’moli 20 kilovatt/soat edi, – deydi Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Qodirov. –Tahlillarni olib bordik. Quyosh panellarini o‘rnatgandan keyin hozirgi kechayu-kunduzda kunlik iste’moli 13-14 kilovattga yaqinlashdi. Quyosh panellari xonadonga o‘rnatilgandan keyin qo‘shnilar, qolgan iste’molchilar qiziqish bildiryapti. Aholiga afzallik tomonlarini tushuntirib boryapmiz. Tarmoqqa hozirgi kunda kunlik 6-8 kilovatt/soatgacha beryapti. Bu xonadonga ikkinchi qo‘shimcha daromad bo‘ladi. Hisoblagichimiz tarmoqdan xonadon olgani va berganini hisoblab boradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi asosida hozirga qadar viloyatdagi 738 aholi xonadonlariga 2200 kVt quyosh panellari o‘rnatib bo‘lindi. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni uch barobarga oshirish rejalashtirilyapti.
Umumiy olib aytganda, hozirda viloyatdagi 1701 ob’ektlar 13 714 kVt kichik quvvatli quyosh panellari bilan ta’minlandi. Shundan, 790 tasi ijtimoiy soha va davlat ob’ektlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu bilan 8400 kVt elektr energiyasi iqtisod qilinyapti. Ayni paytda bu turdagi uskunalarni maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘rnatilishi ham o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.
–Hozirgi kunda nafaqat aholi xonadonlari, ulgurji va davlat tashkilotlarida ham quyosh foto elementlari o‘rnatilyapti, – deydi Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Qodirov. – Buxoro shahridagi maktabgacha ta’lim muassasasida 5 kilovattlik quyosh foto elementi o‘rnatilib, o‘z ehtiyojining 70 foizini qoplayapti.
Viloyat miqyosida 152 tadbirkorlik sub’ektlariga 2800 kVt kichik quvvatli quyosh panellari o‘rnatib bo‘lindi. Bunda avtomobillarga yoqilg‘i qo‘yish shoxobchalari ham yetakchi o‘rinda bormoqda. Ushbu stansiyalar nafaqat o‘z ehtiyojini qoplayapti, balki umumiy tarmoqqa ham elektr energiyasini sotib, qo‘shimcha daromad olmoqda. Bu esa tadbirkorlarni qo‘shimcha quyosh panellarini o‘rnatishga undayapti.
–Avtomobillarga yoqilg‘i qo‘yish shoxobchalariga ham hozirgi kunda quyosh panellari o‘rnatish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda, – deydi Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Qodirov. – Shahardagi avtomobillarga yoqilg‘i qo‘yish shoxobchasidamiz. Bu tadbirkor tomonidan 15 kilovattlik quyosh paneli o‘rnatilib, hozirgi kunda o‘z ehtiyojini 50 foizga qoplab qo‘shimcha tarmoqqa ham elektr energiya yetkazib beryapti. Tadbirkor bilan suhbatlashganda yana 15 kilovatt qo‘shimcha quyosh panellarini o‘rnatish istagini bildirdi. Bu bilan o‘zini 100 foiz elektr energiya bilan ta’minlab, tarmoqqa ham elektr energiya chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bugun muqobil energiya manbalari, xususan quyosh panellaridan samarali foydalanishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Buxoro viloyatidagi professional ta’lim muassasalarida ham bu borada keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilyapti. Qorovulbozor shuningdek, G‘ijduvon tumani 1- hamda 2-son kasb-hunar maktablarida hozirga kelib, quvvati 5 kVt, G‘ijduvon tibbiyot kollejida quvvati 10 kVt, G‘ijduvon agrotexnologiyalar texnikumida quvvati 10 kVt va Qorako‘l Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida quvvati 30 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi. Qolgan ta’lim muassasalarida ham hozirgi kunda birlamchi shartnomalar tuzilib tender savdosi orqali quyosh panellarini xarid qilish ishlari davom etmoqda. Yil yakuniga qadar viloyatdagi 43 professional ta’lim muassasalarida quvvati 240 kVtli quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Buxoro shahrida yaqindagina qurilib, foydalanishga topshirilgan Buxoro Davlat tibbiyot institutining yangi kampusida ham bugun elektr ta’minoti to‘liq quyosh panellari yordamida qoplanyapti. Qo‘shimchasiga bu qurilmalar oliy ta’lim maskaniga yaxshigina daromad ham keltirmoqda.
– Oxirgi ikki yilda yashil energiya masalasida juda ko‘plab qarorlar qabul qilindi, – deydi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev. – Buxoro davlat tibbiyot institutida ham soatiga 200 kilovatt elektr energiya beradigan quyosh panellari o‘rnatildi. Bizda to‘liq elektr energiya masalalari ko‘rib chiqqanimizda kunlik bizning ehtiyojimiz 3,8 kilovatt/soat elektr energiya beradigan tarmoqni o‘rnatsak to‘lig‘icha elektr energiya erkinligiga erishiladi. Ayni kunda 200 kilovatt/soatiga elektr energiya beradigan tarmoqlarni ishlatyapmiz. Bundan tashqari, 150 kilovatt qo‘shimcha yana tenderga qo‘yildi va shu oyning oxirida o‘rnatamiz. Bugungi kungacha o‘rnatilgan quyosh panellaridan 42 million so‘mlik elektr energiya davlatga sotdik. Bu institut uchun qo‘shimcha daromad. 3-4 yil ichida quyosh panellari uchun sarflangan mablag‘imizni oqlaymiz. Bu quyosh panellariga 20 yil ishlashi uchun muddat berilgan. 16 yil tekin elektr energiyadan foydalanamiz.
Shuningdek, ayni paytga kelib, viloyatdagi aksariyat ishlab chiqarish korxonalari ham uzluksiz faoliyat olib borish maqsadida quyosh panellaridan samarali foydalanib kelmoqda. Buxoro shahridagi sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi bu qurilmalar hisobiga energiyani iqtisod qilib, mahsulot tan narxining arzonlashishiga yordam berishini amalda isbotlab bo‘ldi.
Zamonaviy uy-joylarga o‘rnatilayotgan quyosh panellari ham aholining bir qator muammolariga yechim vazifasini o‘tayapti. Xususan, Buxoro tumanidagi Robotiqalmoq mahalla fuqarolar yig‘inidagi aksariyat xonadonlar bu qurilmalarning afzalliklarini yaqqol his qilmoqda. Uzluksiz energiya ta’minoti paydo bo‘lgan xonadon sohiblari kattagina mablag‘ni iqtisod qilishayotganidan mamnun.
[gallery-12314]
Bank muassasalarida mijozga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun albatta uzluksiz ravishda elektr energiyasi talab etiladi. Qisqa uzilishlar esa ish samaradorligiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Shu bois, Buxoroda tijorat banklarining barcha hududiy filiallarida quyosh panellarini o‘rnatish ishlari nihoyasiga yetkazildi. G‘ijduvonda 40, Shofirkon va Romitanda 50, Peshkuda 10, Jondor tumani va Buxoro shahrida 30 KVtlik qurilmalarning o‘rnatilishi hisobidan kattagina mablag‘ iqtisod qilinmoqda. Amalga oshirilgan ushbu ishlar natijasida yiliga 378 ming kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqariladi va bu mavjud talabni qariyb 70 foizini qoplash imkonini beradi.
Bank muassasalarida o‘rnatilgan zamonaviy qurilmalar yiliga 170 million so‘m iqtisod qilinishiga zamin yaratmoqda. Kelgusida esa bunday panellar hajmini ko‘paytirish, qo‘shni muassasalarga elektr yetkazib berish hisobidan moliyaviy daromad topish rejalashtirilgan. Yana bir muhim jihat, ushbu amalga oshirilayotgan ishlar 126 ming kubometr gaz sarfi qisqarishiga ham zamin yaratmoqda.
Muxtasar aytganda, muqobil energiya serquyosh zaminimizda har tomonlama qulay vosita ekani bajarilayotgan ishlarda yaqqol ifoda topyapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu chora tadbirlar natijasida viloyatdagi elektr tarmoqlaridagi texnologik yo‘qotishlar joriy yil yakuniga qadar 1,1 foizga qisqartirilib, 45,2 million kVt.soat elektr energiyasi tejalishi ta’minlanadi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA