Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Oqtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari yangi binoda faoliyatini boshladi.
Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, barcha hududlarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlarini tizimli va rejali amalga oshirish uchun “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarning yig‘ma parametrlari” tasdiqlangan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Xatirchi tumanida ham keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

– Ayni paytda mahallamizda 306 xonadonda 1737 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla raisi Bahodir Qanoatov. – Bino “Nafosat” MCHJ tomonidan bunyod etildi. 748 million so‘m mablag‘ evaziga qurib bitkazilgan binoda “Mahalla beshligi” ish olib borishi va fuqarolar uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan.

Mahalla binosining ochilish marosimida mahalla ahli va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi va yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.
Tumanda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 4 mahalla fuqarolar yig‘ini o‘zining yangi binosiga ega bo‘ldi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA