Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori amalda: ko‘chma donorlik kompleksi aholi xizmatida
09:49 / 2023-03-21

Buxoro viloyati qon quyish stansiyasi tomonidan “Men donorman!” aksiyasi muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Shu bilan birga stansiyaning moddiy-texnik imkoniyatlarini yaxshilashga e’tibor qaratilmoqda. Navro‘z bayrami shodiyonasi kunlarida viloyat qon quyish stansiyasiga ko‘chma donorlik kompleksi topshirildi.

–Bugungacha viloyatda maxsus ko‘chma donorlik kompleksi yo‘qligi davolash ishlarini tezkor, samarali va sifatli tashkil etishda muayyan qiyinchilik va to‘sqinliklarni keltirib chiqarayotgan edi, – deydi viloyat qon quyish stansiyasi boshlig‘i Nodir To‘rayev. – Harakatdagi mobil donorlik majmui esa albatta, keyingi yillarda yurtimizda noyob yurak operatsiyalari, inson tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq murakkab jarrohlik amaliyotlarining yo‘lga qo‘yilishi sababli sifatli qon komponentlariga bo‘lgan talab va ehtiyojni qondirish uchun amalga oshirilgan yana bir yangilik.

Viloyatga taqdim etilgan “ISUZU”—“HC-40” rusumli avtotransport vositasida tayyorlangan ko‘chma donorlik majmuasi maxsus krovat, muzlatkich, gemokonteyner, havoni tozalash uchun mo‘ljallangan bakteriotsid lampa, konditsioner bilan jihozlangan bo‘lib, bir vaktning o‘zida 3 nafar donordan qon olishga mo‘ljallangan.

Aholi orasida qon donorligi ahamiyatini keng targ‘ib qilish, beg‘araz donorlikni rivojlantirish bo‘yicha volontyorlik harakatini ommalashtirish, sayyor donorlik ko‘lamini kengaytirishga doir muntazam chora-tadbirlar amalga oshirib kelinadi. Qolaversa, respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirishga doir 2022­-2025 yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilgan. Shundan kelib chiqib, mobil ko‘chma donorlik kompleksi stansiyasining sayyor guruhi tibbiy xodimlarining hududlar, shahar va tumanlardagi tibbiyot birlashmalaridan sifatli qon komponentlarini yig‘ish ishlarini amalga oshirishda, albatta, mahalliy aholi va ular xizmatidagi tibbiyot xodimlariga yuqori darajadagi qulaylik yaratdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 9 avgustdagi “Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish choralari to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, 2022-2024 yillar davomida respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalarini 15 ta sitaferez apparati, 15 ta qonni qayta ishlash uchun refrijeratorli sentrifuga, 7 ta tezkor kontaktli muzlatkich, 15 ta to‘liq avtomat immunoferment (IFA/IXLA) analizatori, 14 ta PZR analizatori va 13 ta mobil-ko‘chma donorlik kompleksi bilan jihozlash ko‘zda tutilgan.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA