Jizzaxda ta’lim bilan sanoat o‘rtasidagi masofa tobora qisqarib bormoqda. Bu gal gap navbatdagi rasmiy kelishuv haqida emas, balki yoshlarning ertangi ish o‘rni, korxonalarning barqaror kadrlar manbai va hudud iqtisodiyotining uzoq muddatli rivoji haqida ketmoqda.
Jizzax shahrida kasbiy ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligining viloyat boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasi hamda 10 ta yirik sanoat korxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu kelishuvlar Prezidentning 2025 yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Hujjatlarda belgilangan asosiy maqsad aniq: kasbiy ta’limni ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish, o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini kuchaytirish va dual ta’lim ulushini 40 foizga yetkazishdir.
[gallery-27565]
Hamkorlikka BYD Uzbekistan Factory, ADM Jizzakh, Artel Electronics Zomin, Roison Home White Goods, Basalt Wool, Toshtepa Tekstil, Paxtakor Teks kabi yirik ishlab chiqarish korxonalarining jalb etilgani mazkur tashabbusga ishonchni yanada mustahkamlaydi. Kelishuvlarga muvofiq, texnikum o‘quvchilari korxonalarda zamonaviy va xavfsiz ishlab chiqarish amaliyotidan o‘tadi, dual ta’lim dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar esa ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ishlab chiqarish ta’limi ustalari uchun korxonalarda stajirovka tashkil etiladi.
E’tiborli jihati shundaki, Savdo-sanoat palatasi dual ta’lim jarayoniga qo‘shilgan korxonalarni imtiyozli kreditlar orqali qo‘llab-quvvatlashni ham nazarda tutmoqda. Belgilangan shartga ko‘ra, har 1 milliard so‘m kredit evaziga kamida 5 nafar o‘quvchini tayyorlash majburiyati yuklanadi. Memorandumlar 2030 yil oxirigacha amal qilib, har yili natijalar bo‘yicha hisobot uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Mutaxassislar fikricha, bu hamkorlik nafaqat ta’lim sifatini oshiradi, balki Jizzax viloyatida ishsizlikni qisqartirish, yoshlarni aniq kasbga yo‘naltirish va sanoat korxonalarini malakali kadrlar bilan ta’minlashda muhim omilga aylanadi.
Qisqacha aytganda, Jizzaxda shakllanayotgan ushbu model — ta’lim va ishlab chiqarish manfaatlari uyg‘unlashgan, amaliy natijaga qaratilgan yangi yondashuvdir. Bu esa hudud taraqqiyoti uchun ishonchli sarmoyadir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari