Prezidentimizning joriy yil 10 apreldagi “Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida” gi qarori kuz-qish mavsumida ijtimoiy tarmoqlar binolarining barqaror ishlashini ta’minlab, ularga uzluksiz issiqlik energiyasi yetkazib berishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur hujjat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga 2023-2026 yillarda respublika hududlarida faoliyat yuritayotgan davlat ijtimoiy soha ob’ektlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish orqali kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, qozonxonalarni modernizatsiya qilish hamda muassasalarning issiqlik tizimini ta’mirlash va belgilangan me’yorlarda ishlashini ta’minlashni davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor ishtirokida bosqichma-bosqich joriy etish vazifasi topshirilgani bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshiradi.
O‘tgan qish mavsumida duch kelingan muammolarni bartaraf etish uchun vohadagi ijtimoiy soha obektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida isitish yuzasidan Surxondaryo viloyatida ham tegishli chora belgilab olingan. Shunga muvofiq bu borada dastlabki ishlar olib borilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, mamlakatimizda joriy etilayotgan yangi tartib qishli-qirovli kunlarda binolarni ishonchli issiqlik manbai bilan ta’minlash barobarida isitish uchun me’yor bo‘yicha talab etiladigan ko‘mir va elektr energiyasi xarajatlarini kamida 20, issiqlik energiyasi yo‘qotishlarini 30 foizga kamaytiradi.
Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidagi 7– umumta’lim maktabida shu yil yo‘lga qo‘yilgan davlat–xususiy sheriklik asosidagi isitish tizimi ham bunga yaqqol dalildir. Tumandagi mazkur ta’lim muassasasi eng yirik maktablardan biri. 100 nafar pedagog 11 ta ikki qavatli binoda 1 ming 240 o‘quvchiga ta’lim-tarbiya bermoqda.
–Joriy yilgacha 11 ta binoning har birini alohida isitish qozoni bilan qizdirar edik,–deydi 7– umumta’lim maktabi direktori Ilhom Pirnazarov.– Qishli-qirovli kunlarda binoni isitish uchun 30 tonnadan ortiq ko‘mir yoqilg‘isini sarflashga to‘g‘ri kelar edi. Har kuni ishchilarning erta tongdan kelib, qozonlarga ko‘mir tashib solishiga to‘g‘ri kelar, biroq, juda sovuq bo‘lganda binolar ko‘ngildagidek isimas edi. Shu yil bahorda bu muammoning yechmini topdik. “Nurislominvest” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan davlat-xususiy sheriklik asosida barcha binolarimiz uchun ikkita zamonaviy qozon keltirib o‘rnatdik. Endi ishchi kuchi ham, qattiq yoqilg‘i ham tejaladi. Isitish samaradorligi oshadi.
Maktabni yangi tizimda isitish yo‘lga qo‘yilgani viloyatdagi ijtimoiy soha obektlarida katta qiziqish o‘yg‘otdi. Shu bois ta’lim muassasasida viloyat hokimi U.Qosimov ishtirokida yangi tizimning taqdimoti ham o‘tkazildi.
Maktabga o‘rnatilgan yangi isitish qozoniga bir kecha-kunduzda qariyb 180 kilogramm ko‘mir sarflanadi. U zamonaviy usulda jihozlangan. Masalan, unga o‘rnatilgan maxsus uskuna issiqlik darajasini ko‘rsatib turadi. Agar binodagi issiqlik ko‘rsatkichi 70 darajaga belgilab qo‘yilgan bo‘lsayu, harorat 71 darajaga ko‘tarilsa, qozon tabiiy ravishda o‘chadi. Issiqlik 69 yoki 68 darajaga tushishi bilan u avtomatik ishlay boshlaydi.
–O‘tgan kuz-qish mavsumidagidek sovuq kunlarda ayniqsa, bu tizim ishonchli xizmat ko‘rsatadi,–deydi Ilhom Pirnazarov.– Qozonning kafolot muddati 15 yil etib belgilangan. Eng muhimi sovuq kunlarda yoqilg‘i va obektni isitish bilan bog‘liq muammoga chek qo‘yadi. Ko‘mir o‘rniga yog‘och yoqsa ham bo‘laveradi. Davlatimiz rahbarining kecha qabul qilingan qarorida tuman, shahar hokimlari davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar doirasida xususiy sherikka o‘z majburiyatlarini bajarishga har tomonlama, shu jumladan, ko‘mir yoqilg‘isini muddatidan oldin jamlab qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatishi belgilab qo‘yilgani ham ayni muddao bo‘ldi. Bu sovuq kunlarda qattiq yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishining oldini oladi.
Surxondaryo viloyati hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda Muzrabot tumanidagi 7– umumta’lim maktabi binolarini isitishning davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘lga qo‘ygan tajribasi vohada ommalashtiriladi. 1 ming 580 ta ijtimoiy soha ob’ekti binolari kuz-qish mavsumida davlat-xususiy sheriklik asosida isitish tizimiga o‘tadi. Ularning 886 tasi umumta’lim maktabi, 389 tasi maktabgacha ta’lim muassasasi, 262 tasi tibbiyot va 43 tasi boshqa ijtimoiy soha ob’ektlaridir.
Bu tizim viloyatdagi ijtimoiy soha obektlarining kuz-qish mavsumida bir maromda ishlashini ta’minlash uchun issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berish va energiya resurslaridan oqilona, samarali foydalanishda muhim omib bo‘lib xizmat qiladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri