Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori amalda: elektr energiya ehtiyoji 50 foizga qisqardi
09:39 / 2023-02-21

Ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qashqadaryo viloyatida ham ijtimoiy soha ob’ektlarida quyoshfotoelektr stansiyalari tashkil etish bo‘yicha dastlabki qadamlar tashlandi. Xususan viloyatdagi Shahrisabz davlat pedagogika institutida quvvati 100 kilovat soat bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatildi va bu institutda sarflanadigan elektr-energiyaning sezilarli darajada tejalishiga xizmat qilmoqda.  

[gallery-10641]

– Dunyo miqyosida olib qaraganda ham elektr-energiya taqchilligi jiddiy muammoga aylanmoqda. Albatta bu kabi muammolarni bartaraf etish yo‘llari har bir davlatning ichki imkoniyatlariga bog‘liq. Xususan respublikamizda ham mana shunday muammolarni yechish bo‘yicha o‘ziga xos usullar ishlab chiqilmoqda. Jumladan, elektr-energiyasini tejashning muqobil varianti quyosh panellaridan foydalanishdir, – deydi institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, tarix fanlari doktori, professor To‘lqin Xo‘doyqulov. – Joriy yildan boshlab institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan quvvati 100 kilovatt soat bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi. Buning afzallik tomonlari ko‘p ekan. Masalan, institutning bir yillik elektr-energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji 480 ming kilovatni tashkil qilsa, quyosh panellarini o‘rnatish natijasida mana shu ehtiyoj 50 foizga qisqardi. Istiqbolda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz. Xususan institutda qo‘shimcha yangi o‘quv binolari, talabalar turar joyi binolari, bundan tashqari, zamonaviy axborot resurs markazlari qurish rejalashtirilgan va ularning tom qismida ham quyosh panellari o‘rnatish mo‘ljallangan.  

Albatta yuqorida qayd etganimizdek, bu islohotlar jarayoni bizning ta’lim sifatimizga ham o‘zining samarali ta’sirini ko‘rsatyapti. Chunki bugungi kunda axborot texnologiyalaridan foydalanish zamon talabi. Xususan institutda ham biz ulardan juda unumli foydalanamiz. Kompyuterlar, aqlli doskalar va hokazo. Bundan tashqari institutda 25 ta quyosh tashqi yoritish chiroqlari, 4 ta 300 metr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatildi. Natijada hisob-kitoblarga ko‘ra, institutda 1 yilda o‘rtacha 250 ming kilovatt elektr energiyasi tejalishi mo‘ljallanmoqda. Joriy yilda ham qo‘shimcha qurilgan binolar uchun 50 kilovat taqsim soat quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi 40 ta quyosh yoritkich chiroqlari xarid qilish rejalashtirilgan.  

Ma’lumot o‘rnida Shahrisabz davlat pedagogika institutida 7014 nafar talaba, shundan 3909 nafari kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olmoqda. Ularga 202 nafar pedagog, 25 nafar fan nomzodi va 5 nafar fan doktori dars bermoqda.

 

O‘lmas Barotov,

Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.