Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori amalda: Buxoroda maqom kechasi
10:50 / 2022-10-17

Buxoro viloyati musiqali drama teatrida Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli jamoasining jonli ijrodagi konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

– Yurtimizning barcha hududlarida asrlardan asrlarga o‘tib, millatning o‘zligini o‘zida mujassam etgan, bugungi kunga qadar o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmay kelayotgan maqom san’atiga bag‘ishlangan kechalar o‘tkazilmoqda, –deydi Buxoro viloyati Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Ne’matov. – Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishdi. Mazkur hujjatda ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejasi asosida O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli, “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi, davlat teatrlari, O‘zbekiston milliy simfonik orkestri va O‘zbekiston davlat simfonik orkestri tomonidan “Madaniyat karvoni” shaklida hududlarda konsert-tomosha tadbirlari tashkil etish belgilangan. Mana shu dasturga asosan “Madaniyat karvoni” loyihasi doirasida Buxoroda “Maqom” kechasi o‘tkazildi.  

Maqom xalqimizning bebaho ma’naviy merosi. Ushbu san’at rivojlanishning uzoq davrini bosib o‘tgan, ko‘plab san’atkorlar, bastakorlar uning tadrijiy taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shgan. Ularda inson kechinmalarining eng nozik ohanglari jamlangan. Shu sabab maqomni his qilish, tushunish uchun muayyan tayyorgarlik zarur. Buning uchun kishi yoshlikdan musiqaga mehr qo‘yishi, ruhiy kamolotini ayni shu jihat bilan bog‘lamog‘i kerak. Maqomni eshitish uni to‘liq tushunishni anglatmaydi. Ijro yo‘liga kelsak, u alohida san’at, alohida madaniyat. 

Shu jihatdan konsert davomida ijro etilgan “Sarahbori Iroq”, “Munojot”, “Indamang”, “O‘shal damlar”, “Qaydasan”, “Ey dil”, “Mastonalarga”, “Shaxloga tushdi” kabi taronalar barchaga birdek manzur bo‘ldi. Ayniqsa, “Mustahzod” konsertga kelganlarni beixtiyor raqsga chorlab, tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.  

 

Zarif Komilov, O‘zA