Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori amalda: bug‘doy yetishtiruvchi fermerlar brokerlik bo‘yicha tajriba oshirmoqda
15:36 / 2022-06-08

Prezidentimizning 2022 yil 28 maydagi "G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori g‘allachilikdagi islohotlarni yanada takomillashtirib, fermerlar manfaatdorligi va hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xo‘sh, mazkur hujjat ijrosi bo‘yicha Toshkent viloyatida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Hududda bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish orqali g‘allachilik tarmoqlarini rivojlantirish borasidagi ishlar qoniqarlimi? 

Sohaga oid raqamlarni tahlil qilamiz. Joriy yil hosili uchun Toshkent viloyati bo‘yicha jami 103 ming 845 gektar maydonda boshoqli don parvarishlanayotgan bo‘lib 674 ming tonnadan ortiq hosil olinishi kutilmoqda. O‘z navbatida davlat xaridi uchun 270,3 ming 217 tonna, g‘allachilik klasterlariga 50 ming, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik korxonalariga 108,3 ming tonna va fermerlar ixtiyorida 245 ming tonna don qolishi kutilmoqda. 

bugungi kunda ayrim tumanlardagi g‘alla maydonlarida o‘rim ishlari boshlandi. Xususan, O‘rta Chirchiq tumanida joriy yil hosili uchun 188 ta fermer xo‘jaligi va 1 ta klaster korxonalari tomonidan 10 ming gektar maydonda 32 ming 310 tonna boshoqli don ekilgan. Shundan 8 ming tonnasi davlatga urug‘lik topshirish uchun parvarishlandi. Hosilni daladan nest-nobud qilmasdan, o‘z vaqtida o‘rib-yanchib olish uchun 35 ta yuqori unumli kombaynlar, 120 ta tashish texnikalari jalb qilingan. Bu bo‘yicha jami 35 ta o‘rim otryadi shakllantirilgan. Jumladan, tumandagi "A.Ikromov", "O‘zbekiston", "Kim Pen Xva" hamda "Istiqbol" hududlarida o‘rim ishlari boshlab yuborilgan. Tahlillarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha barcha dalalarda 148 ta o‘rim otryadlari tashkil etilib, ularga 1 ming 210 tadan ortiq avtomashina 47 dona ko‘chma ustaxonalar, 61 dona yoqilg‘i tashish texnikalari biriktiriladi. 

Sa’y-harakatlar evaziga yetishtirilgan hosilni 15-16 kunda o‘rib-yig‘ib olish rejalashtirilgan. Prezidentimiz raisligida joriy yil 11 may kuni g‘allachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda berilgan topshiriqqa muvofiq, endi bug‘doy yetishtiruvchi fermer va klasterlarni birjadan ro‘yxatdan o‘tkazish va brokerlarni biriktirib, o‘qitishni tashkil qilish bo‘yicha bergan topshiriqlariga javoban Toshkent viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 

– Mazkur tashabbusdan fermerlarimiz xursand, – deydi Toshkent viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari Zoyir Eshnayev. – bugungi kunda fermer xo‘jaliklarining buxgalterlarini birja savdolarida mahsulot sotish borasida o‘qitish uchun brokerlik firmalari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Tahlillarimizga ko‘ra, bu yil birja savdolarida sotiladigan g‘alladan fermerlarimiz 1 kilogramm bug‘doyni 3 ming so‘mdan sotganida 1 trillion 200 milliard so‘mdan ziyod daromad olishi prognoz qilindi. Bu ularning klasterlarga yetkazib beradigan g‘alladan ortgan qismi hisoblanganda shuncha mablag‘ni tashkil etmoqda. O‘z navbatida, aholining un, non va non mahsulotlariga talabini qondirish, narxlar barqarorligini ta’minlash choralari ko‘rilyapti. 

Chorvachilikda ozuqa yemga bo‘lgan talabni qondirishga alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasining hisobotiga ko‘ra, hududda tovar-xom ashyo birjasida savdolarni ko‘paytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish yuzasidan viloyatning barcha tuman-shaharlarida birja savdo maydonchalari tashkil etish uchun bino – inshootlar tanlanib, zarur ofis jihozlari bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, tovar-xom ashyo birjasi savdolarini sifatli tashkil etish maqsadida, mas’ul xodimlar tanlab olinib, treyderlik kurslariga o‘qitildi va maxsus sertifikatlar taqdim etildi.

Birinchi galda mahalliy mahsulotlarni birjaga olib chiqishni tuman darajasiga tushirish bo‘yicha tuman-shahar hokimlari bilan birgalikda g‘alla yetishtiruvchi fermer va klasterlar kesimida zaxiraga topshiriladigan bug‘doyni birjaga olib chiqishning oyma-oy rejasi ishlab chiqildi. Endilikda fermerlar va klasterlarni ro‘yxatdan o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, viloyatda faoliyat olib borayotgan 190 ta yuk tashuvchi korxonalar ro‘yxati shakllantirildi. Rejaga ko‘ra, viloyatda bu yil fermer va klasterlardan xarid qilinadigan urug‘lik va tovar don 270 ming 217 tonnani tashkil etadi va "O‘zdonmahsulot" tizimidagi 3 ta don korxonalarga davlat zaxirasi sifatida qabul qilinadi. Shundan 53 ming 142 tonna don iyul-avgust oylarida birja savdolariga bozor narxida chiqariladi. 

Hisob kitoblarga qaraganda, Toshkent viloyatining 2,9 million nafar aholisi uchun yillik un va non mahsulotlariga bo‘lgan talab 196 ming tonnaga teng. Don qabul qilish korxonalari bu talabni qondira oladimi? Buni bir korxona misolida ko‘rib chiqamiz. 

Bu yil "Ohangaron don" AJ tomonidan g‘alla hosili uchun Ohangaron, Bekobod, Piskent va O‘rta Chirchiq tumanlarida faoliyat yuritayotgan g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklaridan jami 85 ming 760 tonna tovar don va 10 ming 300 tonna urug‘lik don qabul qilish rejalashtirilgan. Buning uchun mavjud omborxonalar mavsumga shay qilib qo‘yilgan. Mas’ul mutaxassislar biriktirilgan. Qiyoslash uchun solishtiradigan bo‘lsak, jamiyat tomonidan 2021 yilda jami 86 ming tonna un ishlab chiqarilgan. Joriy yilning yanvar-may oylari davomida 40 ming tonna un tayyorlangan bo‘lib, yil oxirigacha yana 50 ming tonna sifatli un ishlab chiqarib, iste’molchilarga yetkazish maqsad qilingan. 

Umuman olganda, sohada bo‘layotgan o‘zgarishlardan umid katta. Barcha sa’y-harakatlar aholining don va don mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, narxlar barqarorligini ta’minlash, talab va taklif asosida haqiqiy g‘alla bozorini yaratishga xizmat qiladi. 

A.Musayev,

 O‘zA muxbiri