Davlatimiz rahbarining 2022 yil 18 noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida Bolalar sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasi hamda Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashkil etildi.
Joriy yildan e’tiboran viloyat, shuningdek, tuman (shahar) mahalliy byudjetlari daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismining 10 foizi har chorakda Bolalar sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasiga o‘tkazilishi belgilandi.
Shu paytgacha mahalliy hokimliklar va turli boshqarma, idoralar tasarrufida bo‘lgan bolalar oromgohlari kasaba uyushmalariga o‘tdi. Endilikda ularning faoliyati Federatsiya tarkibidagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tomonidan tashkil etiladi va muvofiqlashtirib boriladi.
Prezident qarori bilan Samarqand viloyatidagi 15 bolalar oromgohi ham kasaba uyushmalari tasarrufiga o‘tkazildi.
– Oromgohlar bizning ixtiyorimizga o‘tgach, har biri bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi, – deydi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Feruza Qilicheva. – Avvalo ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zarur vositalar bilan ta’minlash, bolalarning maroqli hordiq chiqarishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi. Oromgohlarning aksariyati qurilganiga 50-60 yildan oshgan. Tabiiyki, ularning bino va inshootlari eskirgan, bugungi kun talablariga to‘la javob bermaydi. Ayrimlarining, hatto, nomini o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Shuning uchun oromgohlar navbati bilan, bosqichma-bosqich yangidan quriladi, jihozlanadi. Jumladan, bu yil Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Ibn Sino nomli oromgoh kapital rekonstruksiya qilinmoqda. Keyingi 3-4 yilda faoliyat ko‘rsatmagan mazkur oromgoh rekonstruksiyadan keyin 260 o‘rinli zamonaviy bolalar dam olish maskani bo‘ladi. Paxtachidagi “Xumor”, Samarqand tumanidagi “Alpomish”, “Do‘stlik”, “Sitora” hamda Urgut tumanidagi bir qator oromgohlarda ham ta’mirlash ishlari olib borildi. Lekin ularda ham kelgusida yangidan qurilish ishlari amalga oshiriladi. Kelgusi yil Samarqand tumanidagi “Sitora” oromgohini qayta qurishni rejalashtiryapmiz. Shu tarzda oromgohlar zamon talablariga moslashtirilib, ulardan faqat yozgi mavsumda emas, yil davomida foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Viloyatda bu yilgi yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida 82 oromgohda 23395 nafar bolajonlarni sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan. Shundan, 9415 nafar o‘quvchi shahardan tashqaridagi 16 doimiy oromgohda dam oladi. Maktablar qoshida tashkil etilgan 66 sog‘lomlashtirish maydonchalarida hordiq chiqaradigan bolalar uchun ham qulay sharoit yaratish choralari ko‘rilmoqda. Mavsum davomida 116 nafar oilaviy mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va imkoniyati cheklangan bolalar, 50 nafar kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlari homiylar hisobidan, 3500 nafar ehtiyojmand oilalar farzandlari esa jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali sog‘lomlashtiriladi.
Avvalgi yillardagi singari bu yil oromgohlarga 1052 nafar pedagog jalb etilmoqda. Shuningdek, 205 nafar tibbiyot xodimi, 242 nafar ichki ishlar, milliy gvardiya, yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari oromgohlarga biriktiriladi. Viloyatda bu yilgi bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumini yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan yaqinda seminar o‘tkazilib, oromgohlardagi tayyorgarlik masalalari muhokama etildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi Suhrob Rafiqovning qayd etishicha, bu yil oromgohlarda ish yangicha tartibda tashkil etiladi. Bolalarni ovqatlantirish autsorsing tizimi asosida amalga oshiriladi. Buning uchun o‘tkazilgan tenderda uchta tadbirkorlik sub’ekti g‘olib chiqib, ular belgilangan taomnoma asosida dam oluvchilarni sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Shahardan tashqaridagi oromgohlarning asosiy qismi tog‘li hududlarda joylashganligi sababli birinchi navbatga bolalarni qabul qilish 10-12 iyundan boshlanadi.
– Joriy yilning 10 iyunidan viloyatdagi oromgohlar bolajonlarni bosqichma-bosqich qabul qilishni boshlaydi, – dedi F.Qilicheva. – Mavsum uchun 11 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ayni vaqtda oromgohlarda tayyorgarlik ishlarining so‘ngi bosqichi olib borilmoqda. Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida kasaba uyushmalari viloyat kengashida shtab tashkil etilgan. Shuningdek, oromgohlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha autsorsing komissiyasi tarkibi tasdiqlanib, har bir oromgoh rahbari belgilangan autsorsing guruhi bilan shartnomalar imzoladi.
[gallery-12262]
Toyloq tumanidagi “Adas” bolalar oromgohi direktori Sherbek Jo‘rayevning aytishicha, bu yilgi mavsumda to‘rt navbatda 400 nafar bolajon qabul qilinadi. Oromgohda ta’mirlash ishlari olib borilgan bo‘lib, tajribali pedagog, tarbiyachi va trenerlar jalb qilingan. Yotoqxona, sport maydonchasi, oshxona, ma’naviyat zali shay holatga keltirilgan. Urgut tumanining tog‘ yon bag‘rida joylashgan “Chor chinor” bolalar oromgohi 300 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, atrofi manzarali va mevali daraxtlar bilan o‘ralgan. Sakkizta yotoqxona, tibbiyot bo‘limi, sport maydonchasi, kutubxona, kompyuter xonasi, basseyn va konsert uchun sahna – barchasi bolajonlarga muntazir.
– Bu yilgi mavsumga alohida hozirlik ko‘rdik, – deydi “Chor chinor” bolalar oromgohi direktori Anvar Fazliyev. – Yotoqxonalardagi matras, choyshab, xonalardagi eskirgan jihozlar, oshxonadagi idish-tovoqlarning barchasi yangilandi. Bolalarni sog‘lomlashtirish, dam olishlarini mazmunli tashkil etish maqsadida 50 nafardan ziyod tarbiyachi-murabbiylar jalb etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, erta-indin oromgohlar bolalarni o‘z bag‘riga olishni boshlaydi. So‘lim tabiat qo‘ynidagi bu hordiq onlari farzandlarimizning yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazishlari va sog‘lom, ruhan tetik bo‘lishlariga xizmat qiladi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA