Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori amalda: “Besh tashabbus olimpiadasi” qizg‘in tus olmoqda
15:24 / 2023-06-06

Prezidentimizning 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan tashkil etilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” barcha joylarda qizg‘in tus olmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli va mazmunli o‘tkazishdir.

Mazkur tizim yengil atletika, shaxmat-shashka, stol tennisi, stritbol, milliy kurash, minifutbol kabi o‘n bitta sport turi bo‘yicha musobaqalar, shuningdek “Yosh kitobxon”, “Zakovat” klubi, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Milliy va zamonaviy cholg‘ular” hamda raqs tanlovlarini o‘z ichiga olgan. Endi ular qatoriga yoshlar bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutuvchi tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik, qandolatchilik, hunarmandchilik yo‘nalishlari ham kiritildi. Ko‘cha, mahalla, sektor, tuman, viloyat va Respublika bo‘yicha uyushtirilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning birinchi mavsumida 359 ming 518 nafar namanganlik yosh o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.  

Musobaqaning o‘tgan yildagi Respublika bosqichida Namangan viloyatidan 45 nafar iqtidor sohibi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Mahalla yoshlarining qiziqishlarini inobatga olib, 16-30 yoshlilar orasida sportning futbol, minifutbol turlari bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi uchun musobaqalar o‘tkazilmoqda.  

Mazkur musobaqalarda viloyatdagi 788 mahallada jamoalar shakllantirilib, jami 21 ming 455 nafar yosh qamrab olindi. Shu bilan birga, ayollar o‘rtasida ham alohida turnir tashkil etilmoqda.

Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning stol tennisi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Unda 16-21, 22-26, 27-30 yoshli erkak va ayollar toifasidagi bellashuvlarda 84 havaskor sportchi qatnashdi. Epchillik, chaqqonlik va aqliy yondashuvni taqozo qiladigan o‘yinlar natijalariga ko‘ra, xotin-qizlar o‘rtasida 15-21 yoshlilar orasida Yangiqo‘rg‘on tumanidan Ruxshona To‘raboyeva g‘olib, deb topildi. 22-26 yoshlilar orasida yana bir yangiqo‘rg‘onlik Parizoda Umaraliyevaga teng keladigan raqib topilmadi. 27-30 yoshlilar orasida esa Pop tumanidan Elmira Eshonxonova eng yuqori natijani qayd etdi.  

O‘smirlar va erkaklar o‘rtasida 15-21 yoshlilar orasida uchqo‘rg‘onlik Ahror Karimov zafar quchdi. 22-26 yoshlilar o‘rtasida yana bir uchqo‘rg‘onlik Sherzod Habibullayev g‘alaba qozondi. 27-30 yoshlilar bahsida Namangan shahridan Qobil Nuriddinov g‘oliblik shohsupasining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi.  

Musobaqaning g‘olib-sovrindorlari Namangan viloyati yoshlar siyosati va sport boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan diplom, medallar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA