Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori amalda: barchasi aholi farovonligi uchun
18:59 / 2023-03-22

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida ijtimoiy soha ob’ektlari hamda kam ta’minlangan aholi xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatilmoqda.

Hozirda hududdagi o‘ttizga yaqin korxona va tashkilot quyosh paneli o‘rnatilgan bo‘lsa, tuman mahallalarida “Temir daftar” ga kiritilgan ehtiyojmand aholi xonadonlaridan qirqtasi xuddi shunday muqobil energiya manbai bilan ta’minlangan. Endilikda “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Rajaboy Yangiyeva xonadoni ham ana shunday muqobil energiya manbaidan bahramand bo‘lmoqda.  

Mazkur xonadonga o‘rnatilgan 4 dona panel soatiga 1 kVt elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu esa uydagi 10 ta 12 Vt quvvatli LED lampa chirog‘i, 250 Vt muzlatgich va 130 Vt quvvatli televizorni bir sutka davomida ishlatish imkonini beradi. Muhimi, xonadonimiz endi qarzdorlik sabab tarmoqdan uzilmaydi va tabiiyki, elektr energiyasiga sarflanadigan pul mablag‘i ham tejaladi. Ayni kunda tumandagi xuddi shunday, ijtimoiy muhofazaga muhtoj 94 ta oilaga quyosh panelini o‘rnatish ishlari davom etmoqda.  

Bu boradagi ishlarning davomi sifatida tuman umumta’lim maktablari uchun quyosh suv isitish qurilmalari olib kelinmoqda. Mutaxassislarning bildirishicha, bu quyosh suv isitgichlarining baklari maxsus issiq saqlaydigan material bilan qoplanganligi sababli hatto, sovuq kunlarda ham kuniga atigi bir foiz issiqlik haroratini yo‘qotadi, xolos. Uskunada maxsus alyuminiy-selektiv qoplama bilan qoplangan 10 dona kollektor bo‘lib, ushbu kollektorlar 95 foizgacha quyosh nurlarini o‘ziga singdirib oladi va uni suv isitishda samarali ishlatadi.

Xuddi shunday, tuman bo‘yicha 5 ta umumta’lim maktabi binosiga quyosh elektr panellari va suv isitish qurilmalarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, bu loyihaga mahalliy byudjetdan 350 million so‘m mablag‘ sarflangan. Albatta, umumta’lim maktablarini muqobil energiya manbai bilan ta’minlash ishlari boshqa ta’lim muassasalarida ham davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, ijtimoiy soha inshootlari qatorida tuman tibbiyot birlashmasi binosiga soatiga 14 kVt elektr energiyasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 25 dona quyosh paneli o‘rnatilgani davolash va profilaktika ishlarini barqaror olib borishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tarmoq misolida olsak, tuman markazidan birmuncha olis hududlardagi 51-, 52-, 53-oilaviy poliklinikalar, Do‘rman, Buxoro, Vahim, Mirob, Yangi turmush oilaviy shifoxona punktlari hamda Sho‘rabot va Darg‘abog‘i mahalla tibbiyot punktlariga ham soatiga 5 kVt elektr energiyasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan quyosh panellari o‘rnatib berilgan.  

Xuddi shunday, hududdagi korxona va tashkilotlarning ma’muriy binolarida qayta tiklanuvchi, muqobil energiya manbalaridan foydalanish ko‘lami kengaymoqda. Quyosh energiyasidan samarali foydalanish maqsadida xususan, tuman Davlat soliq inspeksiyasi binosini ham uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida soatiga 15 kVt elektr energiyasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 25 dona quyosh paneli o‘rnatildi.

Hududda tuman elektr tarmoqlari korxonasi hamda “Agrobank”ning tuman filiali binolariga ham quyosh panellari o‘rnatilgan. “Agrobank” binosiga o‘rnatilgan quyosh panellari soatiga 30 kVt elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu quyosh mini stansiyasidan energiya olish bilan bir qatorda, ishlab chiqarilgan energiyaning ortiqcha qismini sotish ham mumkin.

Zarif Komilov, O‘zA