Xalqaro kongress markazida ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Uning yalpi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi yangi imkoniyatlarni sanab o‘tdi.
O‘zbekiston “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘lini qat’iy davom ettiradi.
Ayniqsa, “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren” kabi jahonning eng nufuzli kompaniyalari mamlakatimizda yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirmoqda. Shu yilning o‘zida 2 ming megavattdan ziyod, keyingi yilda esa 8 ming megavattli quvvatlar ishga tushadi.
“Yashil iqtisodiyot” sanoatning yangi yo‘nalishlarini ham olib kelmoqda. Quyosh panellari, shamol turbinalari, invertor va boshqa elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar barpo etilmoqda. Bu – investorlar uchun 8 milliard dollarlik imkoniyat, degani.
Davlatimiz rahbari sarmoyadorlarni shu kabi loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi va buning uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini bildirdi.
O‘zA