Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida og‘ir atletika bo‘yicha “Prezident Olimpiadasi”da og‘ir atletika bo‘yicha bahslar o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi kunida 2 ta vazn toifasidagi bellashuvlar o‘tkazildi.
Og‘ir vaznli polvonlar o‘rtasidagi bahslarda, ya’ni –102 kg. vazn toifasida Elbek Idiyev (Buxoro), Abbosbek Axrolov (Namangan) va Behzodbek Berdiyev (Toshkent viloyati) shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, +102 kg. vaznda Hasanboy Xolmuratov (Toshkent viloyati), Orazbay Hayitov (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) hamda Otabek Jumayev (Surxondaryo) g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Shu tariqa, 5 kun mobaynida davom etgan og‘ir atletika bo‘yicha bellashuvlar yuqori saviyada yakunlandi. Unda g‘olib va sovrindor bo‘lgan yosh sportchilar tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi.
Bugun, 30 noyabr kuni “Prezident Olimpiadasi” doirasida boks bahslari davom ettirilsa, taekvondo WT bellashuvlariga start beriladi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha ilk kunda yigitlar, 45 kg., 51 kg., 59 kg., 68 kg. va 78 kg., qizlar esa 42 kg., 46 kg., 52 kg., 59 kg. hamda 68 kg. vazn toifalarida musobaqa g‘olibligi uchun bellashadi. Ertaga 1 dekabr kuni yigitlar o‘rtasida 48 kg., 55 kg., 63 kg., 73 kg., +78 kg., qizlar orasida 44 kg., 49 kg., 55 kg., 63 kg. va +68 kg. vazn toifalarida bahslar bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA