Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da “Prezident olimpiadasi” bahslari davom etmoqda. Musobaqa doirasida boks, erkin kurash, taekvondo WT, og‘ir atletika, yengil atletika, yunon-rum kurashi va badiiy gimnastika sport turlari bo‘yicha bahslar yakunlandi.
Ushbu bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Toshkent shahri jamoasi 39 oltin, 29 kumush, 17 bronza jami 85 medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda bormoqda. Toshkent viloyati sportchilari esa 13 ta oltin, 6 ta kumush va 26 ta bronza bilan ikkinchi o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, xorazmlik yosh yigit-qizlar 8 ta oltin, 6 ta kumush va 19 ta bronza to‘plab, kuchli uchlikni yakunladi.
Bugun, 2 dekabr kuni “Prezident olimpiadasi” dzyudo va 3x3 basketbol sport turlari bo‘yicha bellashuvlarga start berildi.
[gallery-26508]
Jumladan, "Yakkakurash sport turlari" sport majmuasida o‘tayotgan dzyudo bahslarida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yosh polvonlar jami 16 ta vaznda medallar uchun raqobatlashmoqda.
Bahslarning ilk kunida qizlar, -40 kg, - 44 kg, yigitlar esa -50 kg, -55 kg, -60 kg vazn toifalarida bellashdi. 3 dekabr kuni esa dzyudochi qizlar -48 kg, - 52 kg, - 57 kg, o‘g‘il bolalar esa - 66 kg, -73 kg vazn toifalarida tatamiga chiqadigan bo‘ldi. Dzyudo musobaqalari 4 dekabr kuniga qadar davom etadi.
3x3 basketbol bo‘yicha bugun va ertaga guruh hamda pley-off bosqichlari o‘tkazilsa, yarim final va final bahslari 3 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining so‘nggi kunida stol tennisi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi hamda 5 dekabr kuni tantanali yopilish marosimi o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA muxbirlari