Poytaxtimizdagi "Olimpiya shaharchasi"da “Prezident olimpiadasi” sport o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yangi O‘zbekiston sportida yangi yuksalish davrini boshlab bergan “Prezident olimpiadasi” o‘yinlarining 10 kunlik shiddatli bellashuvlari tarixga aylandi.
3 ming nafarga yaqin eng sara sportchilar poytaxtimizda o‘tgan “Prezident olimpiadasi” o‘yinlarining final bosqichida o‘z mahorati va iste’dodini namoyish etdi.
[gallery-26546]
Mamlakatimiz sportiga yangicha tizimni olib kirgan mazkur kompleks musobaqalarning ochilish tadbirlari qanchalik tantanali kechgan bo‘lsa, uning yopilish marosimi, sovrindorlarni taqdirlash jarayonlari ham o‘zgacha ruhiyatda o‘tdiki, bu, ulkan maqsadlarni qalbiga jo etgan iste’dodlar ruhiyatiga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Tantanalar davomida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Prezident olimpiadasi” o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari hamda barcha ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Prezident tabrigida ta’kidlanganidek, o‘yinlar yoshlarimiz qalbiga Olimpiada ruhi, Olimpiada g‘oyalarini olib kirishi, jahon arenalari sari dadil borishda katta tajriba va mahorat maktabi bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Mazkur musobaqalar tizimi kelgusida yanada takomillashtirilib, uning tarkibiga suv sporti, velosport, triatlon, qilichbozlik va jamoaviy sport turlari kiritilishi nazarda tutilayotgani mahoratli yoshlar qamrovi yanada ortishidan dalolat bermoqda.
Marosimda turli nominatsiyalarda g‘olib deb topilganlar o‘z mukofotlarini qabul qilib olishdi.
— “Eng yosh iqtidorli sportchilar”: Qamariddin Xudoyberganov (Toshkent sh., yunon-rum kurashi) va Rushanabonu Isoyeva (boks, Buxoro).
— “Rekord natija qayd etgan sportchi”: Shahnoza Haydarova (og‘ir atletika).
— “Eng namunali trener”: Shuhrat Alijonov, Surxondaryo viloyati og‘ir atletika bo‘yicha murabbiy.
— “Eng yaxshi hakam”: Dmitriy Kim (taekvondo WT).
— “G‘alabaga bo‘lgan yuksak irodasi va jamoaviy birdamligi uchun”: Qoraqalpog‘iston Respublikasi.
— “Sportchilarga eng namunali sharoit yaratgan hudud”: Andijon viloyati.
— “Og‘ir atletika sport turida lider bo‘lgan delegatsiya”: Surxondaryo viloyati.
— “Yengil atletika sport turida lider bo‘lgan delegatsiya”: Sirdaryo viloyati.
— “Taekvondo WT sport turi jadal rivojlanayotgan hudud”: Jizzax viloyati.
— “Medal jamg‘argan sport maktablari eng ko‘p bo‘lgan hududiy delegatsiya”: Farg‘ona viloyati.
— “Sport turlari geografiyasini kengaytirishga munosib hissa qo‘shayotgan hudud”: Samarqand viloyati.
— “Muxlislar mehrini qozongan delegatsiya”: Namangan viloyati.
— Ishtirokchilar tarkibida gender tengligi ta’minlangan delegatsiya”: Qashqadaryo viloyati.
— “Istiqbolli delegatsiya”: Navoiy viloyati.
— “Namunali tashkilotchiligi uchun”: O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi, O‘zbekiston boks federatsiyasi, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi.
Umumjamoa hisobida g‘olib va sovrindor bo‘lgan hududiy sport delegatsiyalari:
1-o‘rin: Toshkent shahri (26 ta oltin, 15 ta kumush, 12 ta bronza).
2-o‘rin: Toshkent viloyati (18 ta oltin, 8 ta kumush, 30 ta bronza).
3-o‘rin: Xorazm viloyati ( 16 ta oltin, 12 ta kumush, 24 ta bronza).
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash tantanalarida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov (surat),
O‘zA muxbirlari