Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida mamlakatimizda uchta bosqichdan iborat “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining yo‘lga qo‘yilgani iqtidorli yoshlarni saralashning yangicha tizimini vujudga keltirdi.
Vatanimiz sport sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya etadiganlar safini yanada kengaytirishga xizmat qiladigan mazkur sport musobaqalarining ilk bosqich bahslari - “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” o‘yinlari joriy yilning may, iyun va avgust oylari davomida yuqori saviyada tashkil etildi. Yengil atletika, taekvondo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, badiiy gimnastika, stol tennisi, boks, dzyudo, og‘ir atletika, basketbol 3x3 bo‘yicha mahoratli yoshlar joriy yil noyabr oyining uchinchi o‘n kunligi va dekabr oyining birinchi o‘n kunligida “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarida raqobatlashadi.

Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, mutaxassislar, federatsiya vakillari ishtirokida “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarini yuqori saviyada o‘tkazishga bag‘ishlangan yig‘ilishda poytaxtimizdagi "Olimpiya shaharchasi" hamda joylarda tashkil etiladigan musobaqa ob’ektlarida sportchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ishchi guruhlar tomonidan belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni uyushqoqlik bilan tashkil etish, xavfsizlik choralarini ko‘rish va musobaqa jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining mintaqa bosqichida 6 ming 500 nafardan ziyod hamda Toshkent shahar bosqichida 800 nafarga yaqin sportchilar ishtirok etib, ularning 517 nafari “Prezident olimpiadasi”da qatnashish huquqini qo‘lga kiritgani ta’kidlandi.

Bildirilgan fikr-mulohazalar asosida "Prezident Olimpiadasi" musobaqalarining har jihatdan yuqori saviyada, adolatli o‘tishini ta’minlashda umumiy hisobda 27 nafardan ziyod hakamlar ish olib borishi belgilangani aytib o‘tildi.
“Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarini yuqori darajada tashkil etish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA