Poytaxtimizda joylashgan “Olimpiya shaharchasi”da davom etayotgan “Prezident olimpiadasi” musobaqasining navbatdagi kunida taekvondo WT bo‘yicha o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida 10 ta vazn toifasida chempion va sovrindorlar aniqlangan bo‘lsa, boks yo‘nalishida yarim final janglari o‘tkazildi.
Taekvondo WT bellashuvlarining –45 kg. vazn toifasida Islombek Akchurin (Toshkent shahri) so‘nggi hal qiluvchi final bosqichida Iskander Madreimov (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) ustidan g‘alaba qozondi. Shu tariqa, Islombek oltin, Iskander esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ularga yarim finalda mag‘lub bo‘lgan Umid Tojiboyev (Toshkent viloyati) va Baxtiyor Fatxullayev (Toshkent shahri) bronza medal bilan taqdirlandi.

Shuningdek, yigitlar orasida Asadbek Samandarov (Toshkent shahri), Jasur Karimov (Toshkent viloyati), Omadbek Otabekov (Toshkent shahri), Boburbek Toshtemirov (Toshkent shahri) o‘z vazn toifalarida birinchi pog‘onadan joy oldi.

Qizlar orasida esa Mardona Husniddinova (Namangan), Rabboniya Ruslanova (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), Sofiya Xan (Toshkent shahri) Jasmina Abdukarimova (Qashqadaryo) hamda Mubina Bobosaidova (Toshkent shahri) kabi taekvondochilarimiz oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan mukofot puli va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA