Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov o‘tgan hafta davomida mamlakatimiz hayotida sodir bo‘lgan muhim siyosiy-ijtimoiy voqeliklar va ularning ahamiyati haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
[gallery-26531]
Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 26 noyabr kuni "Olimpiya shaharchasi"dagi stadionda "Prezident olimpiadasi"ning tantanali ochilish marosimidagi ishtirokiga to‘xtaldi:
— "Prezident olimpiadasi"ning tantanali ochilish marosimida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi. Mamlakatimizda ilk marotaba o‘tkazilgan "Prezident olimpiadasi" yurtimizda sportni rivojlantirish va davlat rahbarining shaxsan ushbu sohaga e’tiborining yaqqol namunasi bo‘ldi. Prezidentimiz o‘z nutqida sport sohasida erishilayotgan ulkan yutuqlarimizga to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlash lozimki, musobaqaning tuman va viloyat bosqichlarida umumta’lim maktablaridagi sport to‘garaklari, xususiy sport klublari va 310 ta sport maktabidan 100 mingdan ortiq yoshlarimiz ishtirok etdi. Eng yuqori natijaga erishgan 3 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar "Prezident olimpiadasi"ga keldi.
Kelgusi yildan boshlab, suv sporti, velosport, triatlon, qilichbozlik va jamoaviy o‘yinlar bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkazilib, "Prezident olimpiadasi"dagi sport turlari 20 taga yetkaziladi.
Davlatimiz rahbari 2026 yilda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 2027 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Jahon chempionati hamda 2029 yilda Yoshlar Osiyo o‘yinlari O‘zbekistonda o‘tkazilishiga alohida to‘xtaldi, — dedi Spiker o‘rinbosari.
Muhtarama Komilova,
O‘zA