Poytaxtimizda davom etayotgan “Prezident Olimpiadasi” musobaqasining navbatdagi kunida yunon-rum kurashi, yengil atletika va og‘ir atletika sport turlari bo‘yicha medallar uchun bahslar davom etgan bo‘lsa, bokschilar saralash bosqichi janglarida ishtirok etdi.
Yengil atletika sport turining balandlikka sakrash bahslarida Dilnura Haydarova (Toshkent viloyati) va Ma’ruf Mahkamboyev (Sirdaryo), nayza uloqtirishda Parizod Talabova (Buxoro), Ruslan Sa’dullayev (Xorazm), 2000 metrga to‘siqlar osha yugurish bo‘yicha Sadafbonu Nusratullayeva (Toshkent viloyati), Shohjaxon Xayrullayev (Navoiy), 100 va 110 metr masofalarga to‘siqlar osha yugurishda Shodiyona Rahmonova (Farg‘ona) va Zayniddin Ravshanov (Buxoro), bosqon uloqtirish yo‘nalishida Dilnoza Kubayeva (Toshkent shahri) oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Yunon-rum kurashi bellashuvlarida vazni -45 kg. bo‘lgan Javohir Sharifboyev (Toshkent shahri) so‘nggi hal qiluvchi final bahsida Shohnazarbek Shonazarov (Buxoro) ustidan zafar quchib, musobaqa g‘olibiga aylandi. Ularga yarim finalda imkoniyatni boy bergan Umid Rahmonaliyev (Sirdaryo) va Sulaymon Abdullayev (Xorazm) kabi polvonlarimiz bronza medal bilan taqdirlandi.

Shuningdek, o‘z vaznlarida Bunyod Hasanov (Navoiy), Diyorbek Matxoliqov (Farg‘ona), Qamariddin Xudoyberganov (Toshkent shahri), Humoyun Erkinov (Toshkent viloyati), Faxrikamol Komiljonov (Farg‘ona) shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlari markazida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tgan bellashuvlarda Shahnoza Haydarova (Surxondaryo), Otabek Karimov (Toshkent shahri), Sadoqat Abdig‘aniyeva (Toshkent viloyati) va San’atbek Yusufboyev (Toshkent viloyati) kabi polvonlar o‘z vazn toifalarida chempionga aylandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA