O‘tib borayotgan 2025 yil O‘zbekiston sport hayotida yorqin voqealarga boyligi bilan alohida ajralib turadi.
Yil davomida poytaxtimizda ko‘p tarmoqli, xalqaro talablarga to‘laqonli javob beradigan, sportning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan “Olimpiya shaharchasi” o‘z faoliyatini boshladi.
Mamlakatimizning 500 nafardan ortiq sportchilari III yoshlar Osiyo o‘yinlari, VI Islom birdamligi o‘yinlari, shuningdek olimpiya sport turlari bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlari, Osiyo va jahon kuboklari, xalqaro musobaqalarda tarixiy g‘alabalarni qo‘lga kiritish asnosida jahon rekordlarini o‘rnatishdi.
Yurtimizda iste’dodli sportchi yoshlarni tayyorlashning yangi taraqqiyot bosqichini belgilab berishda muhim qadam bo‘lgan – uch bosqichdan iborat “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” kompleks sport musobaqalari tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi mulohazamiz aynan mahoratli sportchi yoshlarimiz uchun iste’dodini namoyish etish, xalqaro musobaqalar ko‘nikmasini shakllantirish, yangi g‘alabalar sari ilhomlantirish mayog‘i bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari hamda uning final bosqichi sanalgan “Prezident olimpiadasi” xususida.
Darhaqiqat, boks, dzyudo, taekvondo, og‘ir atletika, erkin, yunon-rum va ayollar kurashi, yengil atletika, badiiy gimnastika, stol tennisi, basketbol 3x3 bo‘yicha o‘tkazilgan uch bosqichli musobaqalar yurtimizdagi sport maktablari, xususiy klublar va umumta’lim maktablari sport to‘garaklarida, markazlarda professional sport bilan shug‘ullanayotgan 15-17 yoshli mahoratlilarga katta sport zavqini tortiq etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Musobaqalarning birinchi mintaqaviy bosqichi joriy yilning may-iyun oylarida 53 ta tuman va shaharda katta hayajon bilan o‘tgan bo‘lsa, avgust oyida hududiy – ikkinchi bosqich musobaqalari yuqori saviyada tashkil etildi.
Birinchi bosqichda 103 ming nafar, ikkinchi bosqichda 5,6 ming nafar va “Prezident olimpiadasi”da 3 ming nafarga yaqin sportchilar o‘z yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun bellashdi.
Musobaqalarda oltin medallar natijasiga ko‘ra, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni Toshkent shahri (26 ta oltin, 14 ta kumush, 8 ta bronza), 2-o‘rinni Toshkent viloyati (18 ta oltin, 8 ta kumush, 30 ta bronza), va 3-o‘rinni Xorazm viloyati (16 ta oltin, 12 ta kumush, 24 ta bronza) jamoalari qo‘lga kiritdi.
Xo‘sh, xalqaro sport maydonlarida vatanimiz sharafini munosib himoya qiladigan professional sportchilarning yangi avlodini kamolga yetkazishga qaratilgan mazkur kompleks sport o‘yinlari qanday o‘tdi? Natijalar maqsadlarga mos keldimi? “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport tizimining afzalliklari nimalarda o‘z aksini topdi?
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Farhod Turdiyev bilan yoshlarimizga katta sport quvonchini bag‘ishlagan “Prezident olimpiadasi”ning mohiyati, kelgusi yili o‘tadigan o‘yinlar tartibi va boshqa jihatlar xususida suhbatlashdik.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mBAa1w5_ZQY" title=""Prezident olimpiadasi": Natijalar maqsadlarimizga mos keldimi? " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>To‘lqin Ro‘ziyev, Doniyor Yoqubov (video), Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA