Poytaxtimiz va Toshkent viloyatida yangicha tizimda tashkil etilgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining final bosqichi yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
Mazkur nufuzli sport tadbiri doirasida erkin kurash va og‘ir atletika bo‘yicha bir qator vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Jumladan, “Olimpiya shaharchasi”da tashkil etilgan erkin kurash bellashuvlarida Demis Sandekidis (Buxoro), Ulug‘bek Rashidov (Toshkent shahri), Shohiddin Aliyev (Samarqand), Bunyod Rufatov (Toshkent shahri) va Behruz Ashirov (Toshkent shahri) oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida esa og‘ir atletika bo‘yicha to‘rtta vaznda o‘tgan bahslarda Azizbek Dadajonov (Andijon), Komila Xudoyqulova (Qashqadaryo), Marjona Abdumutalova (Navoiy) va Asilbek Boltayev (Samarqand) shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Bugun, 26 noyabr kuni “Prezident olimpiadasi”da boks, ayollar kurashi, og‘ir atletika bo‘yicha bellashuvlar davom ettiriladi. Darvoqe, musobaqaning rasmiy ochilish marosimi poytaxtimizda bunyod etilgan “Olimpiya shaharchasi”da bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA