Mamlakatimiz sport hayotiga yangicha ruh olib kirgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalari ko‘tarinki kayfiyatda davom etmoqda.
Vatanimiz sport shuhratini xalqaro maydonda ulug‘laydigan yangi sportchilar avlodini tayyorlashga qaratilgan mazkur sport o‘yinlarining ortda qolgan beshinchi musobaqalar kunida og‘ir atletika, yunon-rum kurashi va yengil atletika bo‘yicha qator dasturlarda sovrinli o‘rinlar uchun murosasiz bellashuvlar o‘tkazildi.

Shiddatli kurashlar natijasida boks, og‘ir atletika, yengil atletika kabi sport turlarining 17 ta dasturida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Medallar jamg‘arish borasida Toshkent shahri sportchi yoshlari 14 ta oltin, 7 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan hamon peshqadamlik qilmoqda. Navoiy va Xorazm viloyati yosh sportchilari keyingi o‘rinlarda bormoqda.

Xorazm viloyati vakillari hisobida 5 ta oltin, 3 ta kumush, 7 ta bronza medallari mavjud. Kuchli uchlikka yakun yasagan Navoiy viloyati jamoasi 4 ta oltin, 3 ta kumush, 8 ta bronza medali jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, surxondaryolik sportchi yoshlar 4 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan yetakchilarni ta’qib etmoqda.

Bugun, 29 noyabr kuni “Prezident olimpiadasi” dasturidan o‘rin olgan 5 ta sport turida bahslar bo‘lib o‘tsa, ulardan yunon-rum kurashi, og‘ir atletika, taekvondo, yengil atletika musobaqasining turli yo‘nalishlarida sovrindorlar aniqlanadi. Boks musobaqalarida esa saralash bahslari davom ettiriladi.

“Prezident olimpiadasi” 5 dekabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA