Poytaxtimizda davom etayotgan “Prezident olimpiadasi” kompleks musobaqasining dzyudo bahslariga “Olimpiya shaharchasi”da joylashgan "Yakkakurash sport turlari" sport majmuasi mezbonlik qilmoqda.
Dzyudo bellashuvlarining ilk kunida mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan polvonlar 8 vazn toifasida o‘zaro raqobatlashdi. Kun davomida o‘tgan qizlar o‘rtasidagi bahslarning uch vazn toifasida Samarqand viloyati dzyudochilari - Sarvinoz Normurotova, Adiba Kenjayeva va Nigina Umrzoqova oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu orqali hududda dzyudo sportini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatdi.

Shuningdek, birinchi kungi raqobatda Safoxo‘ja Sayfullayev (Buxoro), Muhammadqodir Shodmonov (Toshkent viloyati), Ulug‘bek Qo‘ziboyev (Xorazm), Hamidulloh Yarashev (Toshkent shahri), Alina Kolyucheva (Toshkent viloyati) kabi yoz dzyudochilar barcha raqiblarini yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Bugun, 3 dekabr kuni “Prezident olimpiadasi”da dzyudochi qizlar -48 kg, - 52 kg, - 57 kg, o‘g‘il bolalar esa - 66 kg, -73 kg. vazn toifalarida tatamiga chiqsa, 3x3 basketbol bo‘yicha guruh va pley-off bahslari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA