Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Prezident olimpiadasi” ilg‘or tajribalarning aniq tamoyillarini ko‘rsatib berdi
11:02 / 2025-12-03

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalari o‘tkazila boshlangani eng avvalo, yurtimiz sport hayotiga musaffolik olib keldiki, bu, nafaqat infratuzilmalar, balki xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar safining ortishiga, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat kuchayishiga zamin yaratdi.

Xo‘sh, yana bir kundan so‘ng poyoniga yetadigan “Prezident olimpiadasi” musobaqalari, uning tegrasida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar yana qaysi jihatlari bilan mamlakatimiz sportida alohida ahamiyat kasb etadi?

Darhaqiqat, chempionlarning yangi avlodini kamolga yetkazishga qaratilgan mazkur kompleks musobaqalar eng avvalo, Osiyo va Olimpiya o‘yinlari darajasida tashkil etilayotgani bilan nafaqat yurtimiz, balki xorijiy mamlakatlarning sport sohasi mutaxassislari e’tiborini qozondi.

Mamlakatimizda kompleks musobaqalarni o‘tkazish va tashkil etish madaniyatini shakllantirgan “Prezident olimpiadasi”da ichki chempionatlarda ishtirok eta olmayotgan, qatnashish imkoniyati cheklangan sportchilarning ham qamrab olinishi ortidan mahoratlilarni seleksiya qilish maydoni yanada kengaydi.

10 ta olimpiya sport turida kechgan “Prezident olimpiadasi” katta hajmdagi kompleks musobaqalarda volontyorlar xizmatidan foydalanish, ularni muvofiqlashtirish ishlari ilk bor sinovdan o‘tkazildi. Bu, 2029 yili mamlakatimiz mezbonlik qiladigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Qolaversa, mahoratli sportchilarni tayyorlaydigan murabbiylar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirdi. Mashg‘ulotlar darajasini tahlil etish, ilg‘or tajribalarni tatbiq etish, tahlil qilish shart-sharoitini yaratdi.

Keng jamoatchilikning sportga, Olimpiya sport turlariga qiziqishini yanada oshirgan “Prezident olimpiadasi” yosh sportchilarimizda Osiyo va jahon chempionatlari, qit’a va Olimpiya o‘yinlarida vujudga keladigan psixologik to‘siqlarni yengib o‘tish masalasida zarur ko‘nikma hosil qilgani bilan o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi.

“Prezident olimpiadasi” mamlakatimiz sportida raqamlashtirish tizimidagi ishlar ko‘lamini yanada yaqqol ko‘rsatib berdiki, bu, yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlashga qaratilgan ilg‘or tajribalarni joriy etishning aniq tamoyillariga asos bo‘lishi shubhasiz.

To‘lqin Ro‘ziyev,

O‘zA