Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosim boshlandi.
Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosim boshlandi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Taʼkidlash joizki, ushbu bayram ilk bor davlat rahbari ishtirokida oʻtyapti. Bu – taʼlim va tarbiya masalasi alohida ustuvor yoʻnalish darajasiga koʻtarilganining yaqqol dalili.
– Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan boʻlsak, bu yutuqlarda sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev tadbirga yigʻilgan oʻqituvchi va ziyolilarga murojaatini boshlar ekan.
Haqiqatan ham, inson tarbiyasida, kamolotida ustozlarning xizmatlari ulugʻ. Bu yilgi pandemiya bilan bogʻliq qiyin sharoitda ham jonkuyar oʻqituvchilar oʻz ishini davom ettirmoqda. Aksariyat maktablarda yangi oʻquv yili boshlandi. “Onlayn maktab” loyihasi va masofaviy taʼlim yoʻlga qoʻyildi. Taʼbir joiz boʻlsa, bugun oʻqituvchilar ikkita frontda kurash olib bormoqda.
Yana bir eʼtiborli jihati, bu yilgi tabrik ham avvalgilardan farq qilib, murojaat tarzida boʻlmoqda.
Prezident tarixga nazar solib, IX-XII asrlarda yurtimiz hududida birinchi, XV asrda ikkinchi Renessans porlaganini taʼkidladi.
- Koʻpchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan oʻylayman: mamlakatimizda uchinchi Renessansni XX asrda maʼrifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Ular “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas”, degan hadisi sharifni hayotiy eʼtiqod deb bildilar, - deya taʼkidladi Prezident.
Oʻqituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan imzolangan farmonga muvofiq, xalqimizning ozodligi va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida fidokorlik koʻrsatib, milliy taʼlim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qoʻshgan Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani maʼlum qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib belgilanganini taʼkidladi.
- Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak, - dedi Prezident. - Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim. Avvalambor, milliy taʼlim tizimini ana shunday ruh bilan sugʻorishimiz kerak.
Bayram tadbirida oʻqituvchi va murabbiylar, olimlar, parlament va hukumat vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, hududlardagi soha fidoyilari marosimni Qoraqalpogʻiston va viloyatlardagi studiyalardan kuzatib boryapti.