Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident nutqidan kelib chiqadigan vazifalar belgilandi
17:36 / 2023-10-05

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Navoiy viloyati kengashida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqi mazmun va mohiyati, undan kelib chiqadigan asosiy vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

– Yurtboshimiz mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kabi muhim tashabbuslarni ilgari surdi, – dedi viloyat kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva. – Yig‘ilishda aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamayganligi, 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirish reja qilinganligiga ko‘pchilikning e’tibori qaratildi.  

Prezidentimiz dunyo xalqlarini ijtimoiy himoyalash zarurligi haqida to‘xtalib, “...Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazishni taklif etaman” dedi.

Shuningdek, sessiyada “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish, BMT Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqada qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi qo‘llab-quvvatlandi.  

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida yoshlarga sifatli ta’lim berish kambag‘allikni tugatish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning eng samarali omili ekanligini misollar asosida tahlil qilib berdi.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Yurtboshimiz nutqi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, kasaba uyushmalarining quyi tizimlarida ham ma’ruzadan kelib chiqadigan asosiy vazifalar mazmun-mohiyati keng targ‘ib qilinishi yuzasidan uchrashuvlar tashkil etishga kelishib olindi.  

A.Bo‘riyev,  

O‘zA muxbiri