“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari tomonidan doimiy ravishda vazirlik va idoralar, turli darajadagi tashkilotlar xodimlari uchun mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishga qaratilgan taqdimotlar o‘tkazib kelinmoqda.
27 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi xodimlari uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi va unda ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlarning maqsad va vazifalariga qaratilgan taqdimot o‘tkazildi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov davlat rahbari Murojaatnomada dastlab 2022 yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘lishiga qaramasdan erishilgan natija va ko‘rsatkichlarga to‘xtalgani, shuningdek, 2023 yilda ham O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilanganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, ushbu siyosatning izchilligini ta’minlash maqsadida 2023 yilga "Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili", deb nom berildi. Shu bilan birgalikda, yil davomida amalga oshirishga qaratilgan oltita ustuvor yo‘nalish va vazifalarning belgilanganligi ham nihoyatda ahamiyatlidir.

Xususan, birinchi ustuvor yo‘nalish doirasida vazirlik va idoralar soni 61 tadan 28 taga kamaytirilib, har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul etib belgilanmoqda. Ushbu islohotlarning ikkinchi bosqichida davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqartirilishi professional davlat xizmatchilari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va fuqarolar ortiqcha ovoragarchiliklarining oldi olinishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, taqdimot davomida E.Tulyakov Murojaatnomada ilgari surilgan barcha yo‘nalishlar qatori beshinchi – erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash yo‘nalishida belgilab berilgan bir qator maqsad va vazifalarning ijrosi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mas’ullari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklashini e’tirof etdi.

Jumladan, ushbu yo‘nalishni amalga oshirish jarayonida, birinchi navbatda, ilg‘or tajribalar asosida soliq va bojxona ma’murchiligining jiddiy isloh qilinishi, bunda barcha davlat idoralarida tadbirkorlarga servis xizmati ko‘rsatishni baholash tizimi joriy etilishi kabi vazifalar belgilanayotganligi agentlik tomonidan xalqaro talab doirasidagi me’yorlarni tadbirkorlar faoliyatiga keng tatbiq etishni talab etadi.

Shu boisdan, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasining jadal rivojlanishi mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga qulayliklar yaratish bilan bir qatorda, imkoniyatlar ko‘lamini ham kengaytiradi.
Taqdimot yakunida agentlik xodimlarining Murojaatnoma yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari tinglanib, ma’ruzachi tomonidan ularni qiziqtirgan barcha savollarga javob berildi.
O‘zA