Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident Murojaatnomasi – yoshlar uchun ham dasturilamal
16:09 / 2025-12-29

-

Munosabat

Davlatning ertangi kunini belgilashda yoshlarning bilim va salohiyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham yoshlar masalasi alohida o‘rin egallagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning navbatdagi Murojaatnomasini men katta qiziqish va chuqur e’tibor bilan tingladim. Unda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar yoshlar hayotida ham muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi. Jumladan, oliy ta’limda grantlar va stipendiyalar sonining ko‘payishi, sport va madaniyat sohalari uchun ajratilayotgan subsidiyalar yoshlarning imkoniyatlarini kengaytiradi hamda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun mustahkam zamin yaratadi.

Umuman olganda, 2026 yilda yoshlar faolligini oshirish, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 43 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi, “raqamli startaplar” dasturining kengaytirilishi rejalashtirilgan. Startap g‘oyasidan tortib, mahsulotni eksportga chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi yangi tizim joriy etiladi. Xususan, xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamg‘armasi tomonidan besh yil muddatga 5 milliard so‘mgacha foizsiz ssudalar berilishi ko‘plab yoshlar uchun katta rag‘bat bo‘lmoqda.

Innovatsiya va ijodiy g‘oyalar manbai bo‘lgan biz — yoshlar jamiyat, milliy o‘zlik, ma’naviy va siyosiy jarayonlarni chuqur anglagan holda tengdoshlarimizga ibrat bo‘lib, faol pozitsiyani egallashimiz lozim. Yoshlarning bilim olish, mehnat qilish, sport va ijtimoiy faollik sohalarida teng imkoniyatlar bilan ta’minlanishi mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bugungi kunda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Men tahsil olayotgan Buxoro davlat universitetida zamonaviy ta’lim metodlari va raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Ayniqsa, xalqaro xorijiy til olimpiadalarida talabalarimiz yuksak natijalarga erishishi, startaplar va kichik biznesni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar hamda sun’iy intellekt sohalarida yoshlarning bilim va tajriba orttirib kelayotgani ularning intellektual salohiyati tobora oshib borayotganidan dalolat beradi. Bu esa mamlakatimizda bilim va iqtidorni qadrlash siyosati samarali amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, universitetda sport va madaniyat sohalari ham yoshlarning har tomonlama rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Prezident Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, milliy terma jamoalarimizning xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlamoqda.

Murojaatnomada 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi. Bu qaror islohotlarni eng quyi bo‘g‘in — inson yashaydigan va kundalik hayot kechiradigan hududlarda jadallashtirishga qaratilgan bo‘lib, “inson manfaatlari — davlat siyosatining markazida” degan tamoyilning amaliy ifodasi hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida katta va uzoq muddatli maqsadlarni ham belgilab berdi. Jumladan, kelgusida O‘zbekistonning o‘z kosmonavtlarini koinotga uchirish niyati borligi qayd etildi. Bu tashabbus mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim, texnologiya va innovatsiyalar sohalarida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning mantiqiy davomi hamda ramziy natijasi sifatida baholanishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Murojaatnoma mamlakatimiz kelgusi taraqqiyot bosqichlarini belgilab beruvchi muhim dasturilamal hujjat bo‘lib, unda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar Buxoro davlat universitetida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan hamohangdir.

Dilnoza Ahadova,

Buxoro davlat universiteti talabasi