Yangi O‘zbekistonda ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilayotgan bugungi yangilanishlar jarayonida soha mutaxassislari oldiga aniq vazifalar qo‘yilib, ularning rivojiga qaratilgan strategik maqsadlar belgilab berilmoqda.
Ma’lumki, shu kunlarda o‘lkamizdagi turli vazirlik va idoralarda, jamoat tashkilotlari hamda davlat boshqaruvining quyi bo‘g‘inlarida davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi atroflicha muhokama qilinib, uning mazmun-mohiyati chuqur o‘rganilmoqda.

Ana shunday muloqotlardan biri kecha poytaxtimizdagi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida ham o‘tkazildi.
Tadbirda Murojaatnomada belgilangan olti asosiy ustuvor yo‘nalish, yil nomlanishi, ta’limga qaratilayotgan alohida e’tibor, sun’iy intellektdan foydalanish, ichki va tashqi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zDXAning mazkur vazifalar ijrosiga qo‘shayotgan hissasi xususida atroflicha fikr almashildi.
Davra suhbati avvalida so‘z olgan filologiya fanlari doktori, professor Hulkar Hamroyeva Prezident Murojaatnomasining mazmun-mohiyati, unda ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy sohalar oldiga qo‘yilgan vazifalar va ularning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

E’tiborli jihati, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori, professor Shuhrat To‘xtasimov 26 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Murojaatnoma yig‘inida shaxsan ishtirok etganini ta’kidlab, unda belgilangan vazifalarning dolzarbligi, erishilgan natijalar hali islohotlar boshlang‘ich bosqichi ekani, oldinda bundanda katta marralar borligini qayd etdi.
– Prezidentimizning Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining navbatdagi bosqichiga yo‘naltirilgan dasturiy hujjat sifatida barchamiz uchun katta ahamiyatga ega, -dedi O‘zDXA rektori Sh.To‘xtasimov. – Aytish o‘rinliki, Murojaatnomada ta’lim, madaniyat va san’at sohalari strategik rivojlanishning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilab berildi. Ayniqsa, ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash, yoshlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida urg‘u berildi. Bu o‘z navbatida, san’at va madaniyat ta’limi bilan shug‘ullanuvchi oliy ta’lim muassasalari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Akademiyaning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Nargiza Alimova esa Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida kamol toptirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar va yosh mutaxassislar ham so‘zga chiqib, Murojaatnomada belgilangan vazifalar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Xususan, ta’lim jarayoniga innovatsion usullarni joriy etish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali akademiya nufuzini oshirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
D.Hakimov, O‘zA