2025 yil 26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqining e’tiboriga navbatdagi Murojaatnomasini yo‘lladi.
Ushbu tarixiy hujjatda mamlakatni barqaror rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish va islohotlarning samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Murojaatnomada mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda aholi hayot sifati va farovonligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbari mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson qadrini ulug‘lash ekanini ta’kidlab, mahalla institutini jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini sifatida e’tirof etdi. Aynan mahallada yaratilgan qulay shart-sharoitlar orqali fuqarolar davlat siyosati va islohotlar natijasini bevosita his qila oladi.

Mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash va ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilab berildi. Shu bilan birga, Murojaatnomada mamlakat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli tashabbuslar ilgari surildi va kelgusi yillarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilandi.
Xususan, global iqtisodiyot sharoitida raqobatbardoshlikni ta’minlash uchun zamonaviy texnologiyalar, malakali kadrlar va ilmiy-innovatsion yondashuv hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi. Daromadli servis xizmatlarini kengaytirish, bioinjeneriya, ilg‘or agrotexnologiyalar va suv tejovchi usullarni joriy etish, “yashil” energetika va chiqindisiz ishlab chiqarishga o‘tish, ta’lim va tibbiyot sohalarida ilg‘or xorijiy tajribalarni keng qo‘llash orqali iqtisodiyotni jadal rivojlantirish mumkinligi ta’kidlandi. Bu orqali kelgusi besh yilda mamlakat iqtisodiyoti hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
2026 yil esa yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu tashabbus mahalla infratuzilmasini yanada mustahkamlash, aholiga yaqqol ijtimoiy va iqtisodiy foyda olib keluvchi muhim qadam sifatida baholandi.
Davlat rahbari Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘yilayotganini ta’kidlab, mamlakatning qaysi hududida yashasa ham, fuqarolar islohotlar samarasini kundalik hayotida his qilishi lozimligini alohida qayd etdi. Murojaatnoma doirasida deputatlarga o‘z okruglaridagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m ajratilishi, “yashil hudud” va “yashil bog‘”lar tashkil etish bo‘yicha har bir deputat tashabbusiga qo‘shimcha ravishda 330 million so‘mdan yo‘naltirilishi belgilandi. Bu orqali 2030 yilga qadar sharoiti og‘ir barcha tumanlardagi mahallalarda Yangi O‘zbekiston qiyofasini yaratish maqsad qilingan.
Shuningdek, sanoatda energiya tejamkor va yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish hisobidan bir dollar mahsulot uchun sarflanadigan yoqilg‘i-energiya miqdori 13 foizga qisqartirilgani qayd etildi. Bu kelgusida barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish iqtisodiy taraqqiyotning eng samarali yo‘li ekanini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbus va vazifalar xalq farovonligini oshirish, yurt va mahallalarda tinch-osoyishta hayotni ta’minlash hamda Yangi O‘zbekistonni rivojlanishdan yuksalish sari olib chiqishga xizmat qiladi.
Bahrom Sobirov,
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining deputati,
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ
Sirdaryo IES filiali direktori