Bugun Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Murojaatnoma – davlat siyosati va islohotlar kun tartibini belgilab beruvchi strategik dastur” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Senat vakillari, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari, tadqiqot va tahlil markazlari ekspertlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, siyosiy partiyalar va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbati Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotidagi strategik ahamiyatini muhokama qilish, undagi tashabbuslarni hayotga tatbiq qilishda parlament palatalari, mahalliy Kengashlar, mahalla hamda fuqarolik jamiyati institutlari oldida turgan dolzarb vazifalarni belgilab olish maqsadida tashkil etildi.
[gallery-27036]
Unda ishtirokchilar Murojaatnomada belgilab berilgan davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar, islohotlarning amaliy ahamiyati, ularni hayotga tatbiq etish mexanizmlari hamda bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki yuzasidan atroflicha fikr-muhokamalar bildirdi. Xususan, bu galgi Murojaatnoma mamlakatni sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga o‘tayotganidan darak berib, islohotlarni institutsional mustahkamlash va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan barqaror o‘sish modelini shakllantirishga yo‘naltiruvchi strategik hujjat bo‘lgani alohida qayd etildi.
Jumladan, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori Azamat Pardayev Murojaatnomada parlament va deputatlar faoliyatida hisobdorlikni kuchaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilanganiga to‘xtalib o‘tdi:
— Murojaatnomadagi davlat boshqaruvini isloh qilish, jamiyatda ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar o‘zaro bog‘liq va izchil ekanligi bilan yanada ahamiyatli sanaladi.
Ayniqsa, 2026 yilga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nom berilgani Murojaatnomaning bosh g‘oyasini yaqqol ko‘rsatadi. Sababi, islohotlarni faqat markaziy boshqaruv orqali emas, balki joylarda mahalla instituti va mahalliy vakillik organlari ishtirokida chuqurlashtirish demokratik islohotlarning ijtimoiy tayanchini mustahkamlab, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni oshiradi.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan Murojaatnomada parlamentning davlat boshqaruvidagi roli mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Xususan, Oliy Majlisning tashqi qarz miqdorini belgilash, davlat kafolati ostida qarz olish masalalarini ma’qullash vakolatining kengaytirilishi parlament nazoratining kuchayganidan dalolat beradi.
Qolaversa, so‘nggi yillarda mahalliy Kengashlar faoliyatiga oid 700 dan ortiq qonunchilik hujjatlari qayta ko‘rib chiqilib, ularning 300 dan ortiq funksiyalari maqbullashtirildi. Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etish, xalqning bevosita ixtiyori asosida qaror qabul qilish talab etiladigan jami 33 ta vakolat mahalliy Kengashlarga o‘tkazildi. Prezident tashabbusi bilan deputatlik so‘rovlari ijrosini har chorakda tahlil qilish va sustkashlik holatlariga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini ko‘rish tizimi joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, tadbirda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, ularda ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun katta moliyaviy resurslar ajratilayotgani mahallaning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilishi hamda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirishga, ayniqsa, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka alohida e’tibor qartilgani e’tirof etilib fikr-mulohazalar bildirildi.
Ochiq muloqot formatida o‘tkazilgan davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Abdumutallib O‘ktamov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti