Munosabat
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasi jamiyatimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, chuqur e’tibor bilan tinglandi. So‘nggi yillarda Murojaatnoma yo‘llash an’anaga aylanib, u mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab beruvchi muhim siyosiy va strategik hujjat sifatida qaror topdi.

Murojaatnoma, avvalo, davlat va jamiyatni tashvishga solayotgan eng dolzarb masalalarga tizimli yechimlar taklif etilishi bilan ahamiyatlidir. Unda nafaqat hozirgi islohotlarning mazmun-mohiyati, balki kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlari, aniq maqsadlar va ularga erishish mexanizmlari belgilab beriladi. Eng muhimi, “Qanday natijaga erishamiz?” va “Bu natijalar fuqarolar hayotida qanday aks etadi?” degan savollarga amaliy javoblar taqdim etiladi.
Shu jihatdan Murojaatnoma strategik ahamiyatga ega bo‘lgan dasturiy hujjat hisoblanadi. Chunki unda ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar keyinchalik qabul qilinadigan davlat dasturlari, tarmoq va hududiy strategiyalarda o‘z ifodasini topadi hamda amaliy ijro uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Bu yilgi Murojaatnomada ham eng muhim va hayotiy masalalarga alohida urg‘u berildi. Xususan, olib borilayotgan islohotlar jamiyatning har bir a’zosi tomonidan kundalik hayotda bevosita sezilishi lozimligi ta’kidlandi. Davlat rahbari joylarda, ayniqsa, mahallalarda infratuzilmani tubdan yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Yo‘llarning sozligi, sifatli ichimlik suvi ta’minoti, obod va qulay yashash muhiti aynan mahallalarda ta’minlangandagina fuqarolar davlat organlari faoliyatiga real baho bera olishi qayd etildi.
Ana shu yondashuvdan kelib chiqib, 2026 yilni – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili, deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi. Bu qaror islohotlarni eng quyi bo‘g‘in – inson yashaydigan va kundalik hayot kechiradigan hududlarda jadallashtirishga qaratilgan bo‘lib, “inson manfaatlari – davlat siyosatining markazida” degan tamoyilning amaliy ifodasidir.
Murojaatnomada katta va uzoq muddatli maqsadlar ham ilgari surildi. Jumladan, O‘zbekistonning kelajakda o‘z kosmonavtlarini koinotga uchirish niyati borligi qayd etildi. Bu tashabbus mamlakatda ilm-fan, ta’lim, texnologiya va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning mantiqiy davomi va ramziy natijasi sifatida e’tirof etilishi mumkin.
Shuningdek, davlat boshqaruvini takomillashtirish masalalari ham Murojaatnomaning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Davlat boshqaruvini xalqqa yanada yaqinlashtirish, davlat xizmatlarini qulay va tezkor qilish, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, korrupsiya xavfi oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi. Bu esa davlat apparati samaradorligini oshirish va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, davlatning ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar ham davom ettirilishi alohida qayd etildi. Nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoatchilik tuzilmalari va fuqarolarning faol ishtiroki davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda muhim omil sifatida qaralayotgani Murojaatnomada yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Murojaatnomasi mamlakatimiz taraqqiyotining navbatdagi bosqichiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan, aniq maqsadlar va real mexanizmlarga asoslangan strategik hujjatdir. U islohotlarning mazmunini yanada chuqurlashtirib, ularni har bir fuqaroning kundalik hayotiga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori.
O‘zA