Munosabat
26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnoma mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni belgilab bergan muhim dasturiy hujjat sifatida jamoatchilik tomonidan katta qiziqish va qo‘llab-quvvatlash bilan qarshi olindi.

Davlat rahbari o‘z Murojaatnomasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, aholi turmush darajasini oshirish, ijtimoiy adolatni ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Ta’kidlanganidek, barcha islohotlar zamirida inson qadri, uning qonuniy huquq va manfaatlari turmog‘i lozim.
Ayniqsa, fuqarolarning kundalik hayotida bevosita ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlar sifati, mahsulot xavfsizligi va bozor munosabatlarida adolatli raqobatni ta’minlash masalalari Murojaatnomada muhim o‘rin egalladi. Bu esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini ko‘rsatadi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining mamlakatimizda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning huquqiy ongi va iste’molchilik madaniyatini oshirish borasida olib borayotgan faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Federatsiya tomonidan sifatsiz mahsulot va xizmatlarga qarshi kurashish, aholining murojaatlarini o‘rganish, qonunbuzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan ishlar Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar bilan uyg‘un holda amalga oshirilmoqda.
Murojaatnomada belgilangan maqsad va vazifalar O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi oldiga ham yangi mas’uliyatli vazifalarni qo‘yadi. Xususan, bozor iqtisodiyoti sharoitida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda murojaatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini yanada kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va strategik yo‘nalishlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yuritayotgan barcha tashkilotlar, jumladan, jamoat birlashmalari uchun ham aniq dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi rolini oshirish, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, 26 dekabr kuni yo‘llangan Prezident Murojaatnomasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida muhim qadam bo‘lib, u mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jumladan, iste’molchilar huquqlarini ta’minlash borasidagi ishlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi ham ushbu vazifalarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildiradi.
Jahongir Sarimsoqov,
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya
qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi.