Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida Prezidentimiz Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida belgilangan 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim vazifalar, ayniqsa 6 ta ustuvor yo‘nalish asosida tashkil etildi.
Tadbirni Akademiya boshlig‘i Muzaffarjon Mamasiddiqov ochib, Prezident Murojaatnomasida mahalla jamiyatning tayanch bo‘g‘ini sifatida e’tirof etilgani, mamlakat taraqqiyoti, ijtimoiy barqarorlik va inson farovonligi aynan mahalladan boshlanishini qayd etdi.

Shuningdek, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi Murojaatnomaning g‘oyaviy markazida inson qadri va jamoaviy birdamlik turishini yaqqol namoyon etdi.
Shuningdek, tadbirda iqtisodiyotni texnologik va innovatsion rivojlanish modeliga o‘tkazish orqali xavfsizlik tizimlarida ham zamonaviy, oldindan ogohlantirishga asoslangan mexanizmlar joriy etilishi Murojaatnomada aniq belgilab berilgani qayd etildi.
Tadbir yakunida ushbu Murojaatnoma mahalla farovonligini ta’minlash, aholi xavfsizligini mustahkamlash va barqaror taraqqiyotga erishishda muhim dasturiy hujjat ekani yana bir bor ta’kidlandi.

Ishtirokchilar Murojaatnomada belgilangan vazifalar ham Akademiyaning ilmiy-amaliy faoliyati bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi, bu esa jamiyatda xavfsiz va barqaror muhitni shakllantirishga xizmat qilishini alohida e’tirof etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA