Prezidentimizning Oliy Majlis va ko‘p millatli xalqimizga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini belgilaydi. Bu hujjat xalq bilan ochiq va samimiy muloqotga asoslangan, aniq maqsad va mexanizmlarga ega dasturiy harakat rejasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Murojaatnomada ta’kidlanganidek, o‘tgan to‘qqiz yilda erishilgan iqtisodiy yutuqlar, ya’ni yalpi ichki mahsulotning 145 milliard dollardan oshib, eksport, investitsiya va oltin-valyuta zaxiralari bo‘yicha tarixiy natijalarga erishilgani, islohotlar samarasini amalda ko‘rsatmoqda. Bu raqamlar ortida har bir mahallada va har bir xonadonda sezilayotgan farovonlik, yangi ish o‘rinlari, yaxshilangan infratuzilma va inson qadri turadi.

2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ham Murojaatnomaning strategik ahamiyatini ko‘rsatadi. Mahalla davlat va jamiyat o‘rtasida ishonchli ko‘prik vazifasini o‘taydi, mahalla obod bo‘lsa, inson hayoti va jamiyat barqarorligi ta’minlanadi.
Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan biri — ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasidir. Prezidentimiz tomonidan yirik korxonalarda filtr va tozalash inshootlari o‘rnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochilishi va havoga chiqarilayotgan zararli moddalarni qat’iy monitoring qilish tizimining joriy etilishi sanoat taraqqiyotini inson salomatligi bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan qat’iy siyosiy irodaning ifodasi bo‘ldi.
Shuningdek, filtrsiz ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalardan voz kechish va ularni markazlashgan isitish tizimiga o‘tkazish, agroklasterlar tashkil etish orqali subsidiyalar berish esa ekologik masalalarni iqtisodiy rag‘batlar orqali hal etishning namunasidir. Bu tadbirlar tadbirkor manfaati bilan jamiyat manfaatini uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Sirdaryoda “yashil devor” tashabbusi, botanika va dendrologiya bog‘lari hamda soya-salqin sayr ko‘chalarini barpo etish mahallalar hayoti sifatiga bevosita ta’sir qiladi. Shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish, kanallarni betonlash va yopiq drenaj tizimlarini yaratish — ertangi avlod manfaatini ko‘zlab qabul qilingan muhim qarorlardir.
Prezident Murojaatnomasi faqat kelgusi yil rejalari emas, balki O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti sari aniq qadamlar dasturidir. Deputatlar, fuqarolik jamiyati va keng jamoatchilik ushbu vazifalarni hayotga tatbiq etishda barcha imkoniyat va mas’uliyatni safarbar etishi lozim.
Shoira Shamatova,
Xalq deputatlari Sayxunobod tuman Kengashi deputati