Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident muloqoti – yoshlar kelajagi uchun yo‘l xaritasi
17:11 / 2026-03-03

Joriy yilning 24-fevral kuni davlatimiz rahbarining yoshlar bilan o‘tkazgan navbatdagi ochiq muloqoti mamlakatimiz taraqqiyoti, xususan, yoshlar siyosatida yangi davrni boshladi.

Uchrashuv chog‘ida Prezidentimiz tomonidan bildirilgan fikrlar hamda tashabbuslar, oldimizga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, universitetimizda aniq maqsadga yo‘naltirilgan tadbirlarni amalga oshirishni belgilab oldik.

Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Kelajak tadbirkori” dasturini o‘z faoliyatimizda joriy etamiz. Universitetimizda startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilib, talabalarimizning turizm va madaniy meros sohasidagi tadbirkorlik tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi.

Ingliz tilidan xalqaro darajaga ega bo‘lgan o‘qituvchilarimiz va talabalarimizning olis hududlarda o‘quv markazlari ochishiga universitet tomonidan amaliy yordam ko‘rsatiladi. Xususan, o‘quv markazlarini ochish uchun zarur bo‘lgan huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirishda yuridik ko‘mak, o‘quv materiallari va metodologik qo‘llanmalar bilan ta’minlash, markaz faoliyatini universitetimizning brendi ostida olib borish imkoniyatini yaratamiz.

Bu tashabbus olis hududlardagi yoshlarning sifatli ta’lim olishiga, ularning kelajakda yuqori malakali kadrlar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, talabalarimizning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator tijorat banklari bilan hamkorlik ishlari amalga oshiriladi. Endilikda “Aloqabank”, “Milliy bank” kabi moliya institutlari tomonidan talabalarning biznes loyihalariga imtiyozli kreditlar ajratiladi. 

“Mening birinchi kasbim” dasturi doirasida bitiruvchilarimiz uchun nufuzli turistik kompaniyalar, mehmonxonalar va muzeylarda amaliyot imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Amaliyot davrida talabalar moddiy rag‘batlantirish tizimi bilan qo‘llab-quvvatlanadi, bu borada ish beruvchilar bilan shartnomalar tuziladi.

Endilikda universitetimiz bitiruvchilari nafaqat oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom, balki zamonaviy kamida bitta kasbiy malaka va xalqaro til sertifikatlari bilan mehnat bozoriga kirib borishi bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘ramiz.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, endi oliy ta’lim muassasalari oldida ham tamoman yangi vazifalar turibdi. Universitetimiz faqat bilim beruvchi dargoh emas, balki innovatsiya, tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlari yaratuvchi markazga aylanadi. Shu maqsadda turizm va mehmondo‘stlik sohasidagi mavjud laboratoriyalar faoliyatini yanada yaxshilashimiz zarur. Joriy yilning o‘zida laboratoriyalar modernizatsiya qilinib, 35 ta startap loyiha qo‘llab-quvvatlanadi. 70 ta ilmiy maqola xalqaro jurnallarda chop etilib, 15 nafar iqtidorli talaba xorijiy stajirovkaga yuboriladi.

Dual ta’lim tizimini keng joriy etish orqali talabalarimizning 50 foizini amaliy tajriba bilan qamrab olishni rejalashtiryapmiz. “Spin-off” va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali universitetimizni Samarqand viloyatining turizm sohasi rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish bizning strategik maqsadimizdir.

2026-2027 o‘quv yilida 70 ta turistik kompaniya, 40 ta mehmonxona va 30 ta muzey bilan hamkorlik shartnomalari tuzilib, 700 nafar talaba amaliyot bilan qamrab olinadi. Amaliyot yakunida kamida 400 nafar bitiruvchining ish bilan ta’minlanishiga erishiladi. Talabalar bandligi 95 foizga yetkaziladi. 

Talabalarimizning ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish tizimini yaratish maqsadida har yili an’anaviy tanlovlar tashkil qilishni rejalashtiryapmiz.

Xalqaro hamkorligimizni kengaytirib, Yevropa hamda Osiyo mamlakatlarining yetakchi turizm universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantiramiz. Jumladan, 12 ta xorijiy turizm universiteti bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yilib, 70 nafarga yaqin talaba xalqaro almashinuv dasturlarida ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. Auditoriyalar to‘liq raqamli texnologiyalar bilan jihozlanadi.

Aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqoti ular kelajagi uchun aniq yo‘l xaritasi bo‘ldi. Unda belgilangan tashabbuslar moliyaviy manba va strategik maqsadlar bilan ta’minlangan. Uchrashuvda belgilangan vazifalar asosida universitetimizda amalga oshiriladigan ishlar yoshlarimiz bandligini ta’minlash, ularning intellektual va iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish orqali Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi. 

Muhsinjon Xolmuhamedov,

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros

xalqaro universiteti rektori.

O‘zA