Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident: Maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni rozi qilish
18:24 / 2023-07-28

Farg‘ona shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyul kuni hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

- Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulug‘lashni eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etdik.  Yangilangan Konstitutsiyamizda ham O‘zbekiston huquqiy davlat ekanligini muhrlab qo‘ydik. Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni rozi qilish, - dedi davlatimiz rahbari.

Buning uchun vakolatli tuzilmalarga barcha sharoitlar yaratilmoqda. Oxirgi ikki yilda huquq-tartibot faoliyatiga oid 10 ta qonun, Prezidentning 40 ga yaqin farmon va qarorlari, 60 dan ortiq hukumat qarorlari qabul qilindi. Huquq-tartibot organlari, ayniqsa, ichki ishlar xodimlarining oylik maoshi keskin oshirildi va ko‘plab imtiyozlar berildi. “Mahalladagi beshlik” uchun 30 mingdan ortiq yangi shtatlar kiritildi. Chunki aholining tinchligini ta’minlash mahalladan boshlanishi kerak.

Lekin o‘tgan 6 oyda mahallalarda barvaqt oldini olish mumkin bo‘lgan 12 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan. 9 ming 500 ga yaqin mahallaning 1 ming 500 tasida kriminogen vaziyat bor.

Jinoyatchilikni jilovlash va aholi bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi uchun Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari va jamoat xavfsizligi uchun mas’ul o‘rinbosariga “hayfsan” e’lon qilindi.

Sergeli, Yangihayot, Shayxontohur, G‘ijduvon, Kogon, Tuproqqal’a, Taxtako‘pir, Tomdi, Yakkabog‘, Oltinsoy, Zafarobod, Boyovut, Guliston, Mingbuloq, Oltinko‘l tumanlari ichki ishlar bo‘limi boshliqlari, Andijon, Bandixon, Buvayda, Narpay, Yunusobod tumanlari prokurorlari egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Ma’lumki, Nukus shahridagi “Altin jag‘is” mahallasida jinoyat yo‘liga kirish ehtimoli yuqori aholi bilan yangicha ishlash tizimi joriy qilindi. Unga ko‘ra, bunday toifaga kiruvchi aholi “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida “mahalla beshligi”ga nomma-nom biriktirildi. Lekin bu tizimni butun mamlakatda joriy etish sust tashkil etilgan.

Endi mahallada jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yangicha ish tartibiga o‘tilishi belgilandi. “Ijtimoiy profilaktika” bo‘yicha mahalla mas’ullarining vazifalari va metodikasini ishlab chiqishga ko‘rsatma berildi.

Viloyat-tuman-mahalla kesimida ijtimoiy va kriminogen muammolarni raqamlashtirish orqali “Ijtimoiy vaziyat” axborot tizimini, shuningdek, “112” tezkor raqami va dispetcherlik tizimini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Jinoyat qilgan shaxslarning har uchinchisini yoshlar tashkil qilayotgani afsus bilan qayd etildi. Shu bois uyushmagan yoshlar bilan yagona yondashuv asosida ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati raisi boshchiligida Idoralararo kengash tuziladigan bo‘ldi. Bu kengash yoshlar bilan manzilli ishlash dasturlarini amalga oshiradi.

Oilaviy nizolar, ayollar jinoyatchiligi holatlariga ham e’tibor qaratildi. Ijtimoiy-maishiy muammosi bor oilalar bilan ishlash – davlat idoralarining birinchi galdagi vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Shu maqsadda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Endi og‘ir hayotiy ahvolga tushgan oilalarga yordam berish bo‘yicha “ijtimoiy xizmat ishi” ochiladi. “Xavfsiz oila” tamoyili asosida alohida ish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi metodikalarni ishlab chiqish, huquq-tartibot xodimlarining bilim va dunyoqarashini yuksaltirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi ahvolidan odamlar mutlaqo norozi ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, o‘tgan olti oyda 4 mingga yaqin avtohalokatlar sodir etilib, 873 nafar shaxs vafot etgan, 3,5 mingdan ortig‘i jarohat olgan.

48 foiz hodisalarga yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar sabab bo‘lgan. Piyodalarga zarur sharoit yaratilmagani oqibatida joriy yilda ular ishtirokida 1 ming 859 ta hodisa yuz berib, 334 nafar piyoda vafot etgan.

Davlatimiz rahbari bu borada tartibni kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi. “Yo‘l harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida” tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so‘rov o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. “Avtoyo‘l” va yo‘l harakati xavfsizligiga mas’ul rahbarlar parlament va keng jamoatchilikka har yarim yilda hisobot berib boradi.

Endi, yo‘ldagi dislokatsiya tushunchasidan voz kechilib, barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududi belgilab qo‘yiladi.

Yig‘ilishda huquq-tartibot idorasi xodimi degan nomga dog‘ tushirayotgan ayrim rahbarlar faoliyatiga to‘xtalib o‘tildi. Ularning xatti-harakatlariga qonuniy baho berishga ko‘rsatma berildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan huquq-tartibot idoralari rahbarlari va viloyat hokimlari axborot berdi.