Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident maktablariga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi muvaffaqiyatli o‘tdi
16:50 / 2023-07-31

Mamlakatimizdagi Prezident maktablarida o‘qish istagidagi yoshlar uchun test sinovlarining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida Toshkent shahri va Nurafshon shahridagi Prezident maktablariga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.

Garchi imtihonlar soat 10:00da boshlansa-da, ertalabki 8:00 bo‘lmasidan “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlari test  sinovlari uchun shay holatga ketirib qo‘yildi.

Imtihonlarning ushbu bosqichida bolalar tanqidiy fikrlash hamda ingliz tili bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Imtihonning  ushbu bosqichi uchun savolnomalar Angliyadan keltirilgani bilan ahamiyatlidir.  

Prezident maktablariga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichida matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish bo‘yicha 40 ta topshiriqni bajarishga 90 daqiqa hamda ingliz tilidan grammatika (Grammar component) va matn bilan ishlash (Reading component) bo‘yicha 40 ta topshiriqni bajarishga 40 daqiqa berildi.  

Prezident maktabiga kirish uchun imtihonlarning ikkinchi bosqichi yurtimizdagi jamoatchilik vakillari kuzatuvchilari bilan birga Angliyaning Cambridge Assessment International Education tashkiloti vakillari tomonidan diqqat bilan kuzatib borildi. Shu bilan birga Prezident maktablariga kirish imtihonlarining natijalarini tekshirish va talabgorlarning javoblari natijalarini baholash ushbu tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.  

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident maktablariga 2023/2024 o‘quv yili uchun 56 ming 745 nafar o‘quvchidan hujjat kelib tushgan. Birinchi bosqichdan  6 ming 720 nafar o‘quvchi saralab olindi. Ikkinchi bosqichdan esa har bir maktabda o‘qish istagidagi 480 nafar talabgordan 24 nafar o‘quvchi saralab olinadi. Aytish joizki, har bir Prezident maktabiga jami 24 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Imtihon natajalari belgilangan muddatda Cambridge Assessment International Education tashkiloti sayti va Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi saytida e’lon qilinadi.  

[gallery-12966]

Shuningdek, Prezident maktablarining kirish imtihonlari 2-bosqichida ishtirok etib, o‘qishga kira olmagan talabgorlar hujjat topshirish jarayonida o‘z hududidagi o‘zlari tanlagan ixtisoslashtirilgan maktablardan birida o‘qish istagini bildirgan taqdirda kvotaning 50 foizi doirasida ballar ketma-ketligi asosida imtihonsiz mazkur ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilinishi mumkin.  

Imtihonlarda kuzatuvchi sifatida qatnashgan xorijlik mutaxassisning fikri bilan qiziqdik.

– Fikrimcha, test imtihonlaridagi barcha jarayonlar juda yaxshi tashkil etilgan, – dedi Angliyaning  Cambridge Assessment International Education tashkiloti vakili Mayk Boverman. – Imtihonlar tugaganidan keyin barcha javob varaqalari to‘planadi va Cambridge Assessment International Education tashkilotiga tekshirish uchun yuboriladi. Tashkilotimizda javob varaqalari maxsus baholash uskunalarida juda qat’iy tartibda tekshiriladi.  

–Men testlarni ishlashda qiynalmadim, – dedi Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 2-maktab o‘quvchisi Humoyun Orziqulov. – Barisiga bilganimcha javoblarni yozdim.  

–Prezident maktabiga kirish uchun astoydil dars tayyorladim, – dedi poytaxtimizdagi 64-maktab o‘quvchisi Otabek Komiljonov. – To‘g‘risi,  imtihonda berilgan savollarga javob topish oson bo‘lmadi.  

Nima bo‘lganida ham Prezident maktablariga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichiga bolalar halol va haqqoniy tayyorlangani yaqqol sezildi. Bu esa test sinovlarining xolis o‘tishini ta’minlashda asosiy omildir.  

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA