Bugun, 2 avgust kuni Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablarining 2-bosqich imtihonlari bo‘lib o‘tdi.
Prezident maktablari davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 fevral kuni qabul qilgan «Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan tashkil etilgan.
Prezident maktablari dastlab 4 ta hududda – Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahrida o‘z faoliyatini boshladi. 2021-2022 o‘quv yilidan e’tiboran yana 2 ta hududda Prezident maktablari ochilib, hozirda Prezident ta’lim muassasalari tizimida 14 ta shunday maktab faoliyat yuritmoqda.
2022-2023 o‘quv yili uchun Prezident maktablariga hujjatlar qabuli joriy yilning 1-20 iyun kunlari onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshirildi. Qabul jarayoni davomida 1206 qisqa raqami – Call-markazi tashkil etildi. Markaz mutaxassislari tomonidan har kuni soat 8:00dan 20:00 ga qadar kelib tushgan savollarga doimiy tarzda javob berib borildi.
Shu bilan birga, qabul yuzasidan telegram ijtimoiy tarmog‘idagi piimasavollar_bot orqali eng ko‘p kelib tushgan savollarga mutaxassislardan javob olinib, ushbu javoblar ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli bayonotlar tarzida e’lon qilib borildi.

Aytish kerakki, 2022-2023 o‘quv yilida Prezident maktablariga faqat 5-sinfga qabul bo‘lib o‘tmoqda. Qabul jarayonlari 20 iyun kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Tasdiqlangan jami arizalar soni 41 ming 930 tani tashkil etdi. Birinchi saralash bosqichidan 6 ming 720 nafar o‘quvchi saralab olindi. Imtihonlar natijasiga ko‘ra Prezident maktablariga jami 336 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.
Ma’lumki, Prezident maktablariga imtihonlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda o‘quvchilar matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test savollarini ishlashadi. Belgilangan vazifani bajarish uchun 60 daqiqa vaqt ajratiladi. Birinchi bosqich natijasiga ko‘ra, qabul kvotasida belgilangan har bir maktab kesimida 480 nafar talabgor 2-bosqichda qatnashadi.
Ikkinchi bosqichda esa axborotni tahlil etish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha – mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan – 40 ta masala, ingliz tilidan – 40 ta test ishlanishi talab etiladi.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi va Cambridge Assessment International Education tashkiloti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi tuzilgan bo‘lib, unga binoan Prezident maktablariga qabul imtihonlari mazkur tashkilot bilan hamkorlikda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Imtihon javoblari Cambridge Assessment International Education tashkilotining rasmiy veb-sahifasida e’lon qilinadi.
Aytish joizki,1 iyul kuni Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablarining 1-bosqich imtihonlari bo‘lib o‘tgan edi.
– Biz Prezident ta’lim muassasalari agentligi bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqdamiz, – dedi Cambridge Assessment International Education tashkiloti vakili Gven Hardkasle. – Test jarayonlari belgilangan tartib va qoidalariga mos, haqqoniy o‘tishi uchun bor imkoniyatlar ishga solinmoqda. O‘zbekistonda bunday ta’lim maskanlarining tashkil etilishi, o‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz.
Poytaxtimizdagi Botanika bog‘ida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablarining 2-bosqich imtihonlari belgilangan talab va me’yorlarga qat’iy amal qilgan holda bo‘lib o‘tdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA