French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident maktablariga 1-bosqich kirish imtihonlari 26-28 iyul kunlari o‘tkaziladi
17:42 / 2021-07-23

Prezident maktablari qabuli uchun 1-bosqich imtihonlari o‘tkaziladigan hududlarga press-tur va tashkilotchilar ishtirokida poytaxtimizdagi Botanika bog‘ida “Prezident maktablariga kirish imtihonlarida shaffoflikni ta’minlash” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarova tadbir ishtirokchilariga joriy yilgi kirish imtihonlariga tayyorgarlik jarayoni xususida batafsil ma’lumot berdi.  

Mamlakatimizdagi 14 ta Prezident maktabining 1–bosqich saralash imtihonlari o‘tkaziladigan barcha hududlarda imtihonlarning yuqori saviyada o‘tishi uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Ma’lumki, o‘tgan yili pandemiya vaziyatida Prezident maktablariga imtihonlar o‘tkazilmadi. Joriy yilda esa ushbu maktablarga kirish uchun 103 ming 500 nafardan ortiq o‘quvchilardan hujjatlar qabul qilingan. Belgilangan qabul kvotasiga asosan barcha imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 1 ming 632 nafar yosh mazkur maktabda o‘qishga muyassar bo‘ladi.  

Joriy yilda imtihonlar murakkab pandemiya sharoitini hisobga olgan holda ochiq osmon ostida o‘tkaziladi. Bu jihatlarga mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tadigan Prezident maktablariga imtihonlar jarayonida jiddiy ahamiyat qaratiladi. Poytaxtimizda ana shunday imtihon jarayoni Botanika bog‘i hamda "G‘alaba bog‘i" yodgorlik majmuasining soya-salqin hududida 26-28 iyul kunlari o‘tkaziladi.  

Boshqa hududlarda ham Prezident maktablariga qabul uchun imtihonlar stadionlar, ochiq osmon ostidagi sport majmualarida ikki smenada, kunning nisbatan salqin paytlari - ertalabki soat 8:00 dan soat 9:00 gacha hamda ikkinchi smenada 18.00 dan soat 19.00 gacha o‘tkazilishi belgilangan. Dastlabki bosqichda talabgor o‘quvchilar matematika fani bo‘yicha imtihon topshirishi ko‘zda tutilgan.  

Press-anjuman talabgorlarning imtihonlarga repetitsiya-tushuntirish jarayoni bilan hamohang tarzda tashkil etildi. Bu esa o‘quvchilarning belgilangan joylariga vaqtida borishi, o‘z joyini to‘g‘ri topishi, javob varaqalarini texnik jihatdan to‘g‘ri to‘ldirishi va umuman imtihondek mas’uliyatli pallaga tayyorgarlik ko‘rishida muhim omil sanaladi. Shu bilan birga, mazkur jarayonda bolalarning imtihon topshirishga oid ko‘nikmalari yanada mustahkamlanishi shubhasiz.  

Respublikamizdagi 14 ta Prezident maktabining 1-bosqich saralash imtihonlari o‘tkaziladigan barcha hududlarda imtihon jarayonlari bir xil tashkil etiladi. Jumladan, imtihonlar Toshkent shahridagi Botanika bog‘ining B va C sektorlarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Mazkur hududlar 1080 nafar o‘quvchi sig‘imiga ega. 

Imtihon bo‘lib o‘tadigan hududlarda, jumladan, talabgorlarning qimmatbaho buyumlarini saqlash joyi, FaceID tekshirish joyi, Internet, noutbuk va printer, mikrofon, elektron tablo soat, kuzatuv kamerasi (har bir blokda), server xonasi, imtihon materiallarini saqlash joyi, stol-stul, ichimlik suvi, qalam, o‘chirg‘ich (har bir talabgorga), antiseptik vositalar, bir martalik niqob, tibbiyot xonasi, ko‘chma tibbiy punktlar, xojatxona, ota-onalar uchun kutish joyi, o‘rindiq, soyabonlar, ota-onalarga imtihon jarayonlarini onlayn kuzatib borishlari uchun monitor va boshqalarning mavjud bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.  

Imtihonlarni yuqori saviyada tashkil etishda Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Sanitariya-epidemiologiya xizmati kabi tashkilotlar hamkorligi keng yo‘lga qo‘yiladi.  

 Nazokat Usmonova, O‘zA