Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablarida o‘quv yili boshlanmoqda. Shu munosabat bilan joriy yilning 28 sentyabr kuni 4 ta – Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablarida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Yozuvchilar uyushmasining taniqli ijodkorlari ishtirok etdi, shuningdek, tadbirdan ma’naviy-ma’rifiy chiqishlar ham o‘rin oldi.
Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablariga 2021-2022 o‘quv yilida 5 va 6 sinflarga qabul bo‘lib o‘tdi, to‘rttala maktabga har bir sinf kesimida 24 nafardan – jami 192 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilindi. Yangi ochilgan 10 ta Prezident maktabiga esa 2021-2022 o‘quv yilida 5-10 sinflar kesimida 144 nafardan – jami 1440 nafar o‘quvchi qabul qilingan.
Prezident maktabiga o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun mazkur 4 ta Prezident maktabida tanishtiruv-maslahat kuni tashkil etilib, farzandlari erishgan muvafaqqiyat uchun ota-onalarga tashakkurnomalar topshirildi va maktab hayoti hamda ustozlari bilan yaqindan tanishtirildi.
– Bugun men uchun juda quvonchli kun. Barcha o‘quvchilar ta’lim olish istagini bildirgan Prezident maktabining 6- sinfiga qabul qilindim. Bunda umumta’lim maktabidagi ustozlarimning mehnati cheksiz. Ularga o‘z tashakkurlarimni aytaman. Ushbu ta’lim muassasasida tahsil olib, mamlakatimiz rivojiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman, – deydi Dilnura Sherqulova.
Ma’lumot uchun, 2021-2022 o‘quv yili uchun Prezident maktablariga kirish imtihonlari saralash bosqichi joriy yilning 26-28 iyul kunlari, ikkinchi bosqich imtihonlari esa 21-22-avgust kunlari bo‘lib o‘tdi. Prezident maktablarida tahsil olish uchun bu yil jami 103 mingdan ziyod talabgor ariza topshirgan, shundan 1632 nafari o‘qishga qabul qilindi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA