Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident maktablari – yoshlarning xalqaro standartlar asosida bilim olishlari uchun katta imkoniyat
19:48 / 2022-06-03

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizning turli hududlarida tashkil etilgan Prezident maktablari xalqimizning, ayniqsa, ota-onalar, pedagoglar, o‘quvchi-yoshlarning ishonchi va e’tirofi, e’tiborini qozonib ulgurdi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga qabul jarayonlari qanday kechadi? Mazkur agentlik direktori Hilola UMAROVA bu haqda quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Mamlakatimizda kechayotgan keng qamrovli islohotlarda ta’lim sohasidagi tub ijobiy o‘zgarishlar alohida o‘rin egallaydi. 2019 yilda Yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimizning turli hududlarida tashkil etilgan Prezident maktablari yoshlarning to‘kis, xalqaro standartlar asosida bilim olishi yo‘lidagi amaliy e’tiborning yorqin namunasidir. Agar dastlabki yillarda ushbu maktablarda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlarning 30 ming nafaridan mazkur maktablarga hujjat kelib tushgan bo‘lsa, o‘tgan yilgi mazkur ko‘rsatkich 103 ming nafarni tashkil etdi. 2022 yilning 14 aprel kuni davlatimiz rahbarining “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Unga ko‘ra, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida 193 ta ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish belgilangan. Shundan 2022/2023 o‘quv yilida 168 ta ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

Ushbu maktablarda 2022/2023 o‘quv yilida aniq fanlar yo‘nalishiga qabul 5-11-sinflarga, keyingi o‘quv yillarida tegishli tartibda 5-sinfga tanlov asosida amalga oshiriladi. Tabiiy fanlar yo‘nalishiga 7-11-sinflarga, keyingi o‘quv yillarida esa qabul 7-sinflarga tanlov asosida o‘quvchilar qabul qilinadi. Ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha o‘tkaziladigan kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Agentlik tizimidagi maktablarga kirishda qanday imtiyozlar mavjud, degan savol xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichida g‘olib bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘zi ta’lim oladigan hududda joylashgan Agentlik maktablariga umumiy qabul parametrlari doirasida kirish imtihonisiz o‘qishga qabul qilinadi.

Ta’lim jarayonida Cambridge Assessment International Education tashkiloti bilan hamkorlikda xalqaro (International Advanced Levels) dasturlar talablariga muvofiq o‘quvchi va pedagog kadrlarning STEAM fanlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni baholash hamda ularga xalqaro darajadagi AS va A-LEVEL sertifikatlarini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Aytib o‘tish kerakki, yangi ixtisoslashtirilgan maktablarda aniq va tabiiy fanlar bilan bir qatorda O‘zbekiston tarixi fani ham chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. Shuningdek, sun’iy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT bo‘yicha qo‘shimcha kurslar tashkil etilishi ko‘zda tutildi.

Mamlakatimiz hududlarida ochilayotgan yangi ixtisoslashtirilgan maktablar uchun talablar va shart-sharoit bir xil tarzda yo‘lga qo‘yiladi. O‘quvchilar faqat o‘zlari o‘qiyotgan umumta’lim muassasasi joylashgan hudud, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘qishga qabul qilinadi.

Joriy o‘quv yilida har bir Prezident maktabining 5-sinflariga 24 nafardan, respublika bo‘yicha jami 336 nafar o‘quvchi saralab olinadi. Prezident maktablariga hujjat topshiruvchi talabgorlar 2021/2022 o‘quv yilida matematika va tabiatshunoslik fanlaridan yillik «a’lo» baholarga o‘qigan bo‘lishi talab etiladi. Prezident maktablarida talabgorlarning hujjatlarini qabul qilish joriy yilning 1-20 iyun kunlari ariza.piima.uz sayti orqali onlayn tarzda amalga oshirilayapti.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 5 maydagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar to‘g‘risida nizom”ning 11-28-bandida ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilarni qabul qilishni aniq va tabiiy fanlar, ingliz tili fani hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha o‘tkaziladigan kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra amalga oshirishi ko‘rsatilgan. Har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 24 nafardan ortiq bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ijod maktablari 9 ta hududda tashkil etilgan talabgorlarning xohishiga ko‘ra istalgan ijod maktabiga hujjat topshirishi mumkin. Ijod maktablariga qabul joriy yilning 1-20 iyun kunlari onlayn shaklda amalga oshiriladi.

Shuningdek, talabgor yoki uning ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining pasport ma’lumotlari, aloqa uchun telefon raqami, elektron pochta manzili hamda tizim orqali oferta bilan tanishganlik to‘g‘risidagi tasdig‘i ham talab etiladi.

Aytish kerakki, o‘quvchilar bir vaqtning o‘zida Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirish imkoniyatiga egadirlar. Barcha maktablarga hujjatlar http://ariza.piima.uz/ manzili orqali topshiriladi. 2022/2023 o‘quv yilida agentlik tizimidagi barcha ijod maktablariga qabul 7-sinfga bo‘lib o‘tadi. Mazkur maktablarga qabul kvotasi doirasida Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabiga 40 nafar, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabiga 40 nafar, Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi ijod maktabiga 40 nafar, Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabiga 20 nafar, Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabiga 40 nafar, shuningdek, Abdulla Qodiriy ijod maktabiga 40 nafar, Muhammad Yusuf ijod maktabiga 40 nafar, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabiga 40 nafar, Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabiga 40 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. O‘quv yili yakunlanganidan so‘ng o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, maktabning qabul kvotasi o‘zgartirilishi mumkin.

O‘zA muxbiri

Nazokat USMONOVA

yozib oldi.