Joriy yilning 3 aprelidan boshlab 1 hafta davomida Xalqaro maktablar kengashi (CIS ) tashkiloti vakillari Toshkent shahridagi Prezident maktabida bo‘lib, maktab faoliyatini o‘rganadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Xalqaro maktablar kengashi (CIS) a’zosi bo‘lish xalqaro darajada tan olinishni anglatadi.

Kengashga a’zo bo‘lishning belgilangan talablari mavjud. Mazkur talablar ta’lim muassasasi faoliyat yo‘nalishining sifatli tashkil etilgani, o‘quv dasturining muvaffaqiyatli joriy qilingani, o‘quvchilar uchun zaruriy sharoitlarning yaratilgani hamda ta’lim muassasasi joylashgan binoning xavfsizlik talablariga javob berishidan iborat.

Tashkilot a’zoligiga o‘tish 3 bosqichli bo‘lib, 1-bosqich hujjat topshirish, 2-bosqich maktab jamoasi bilan onlayn suhbat, 3-bosqich esa maktab faoliyatini offlayn o‘rganish hisoblanadi.

Ayni paytda, barcha Prezident maktablari dastlabki 2 ta bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Tashkilot vakillari tomonidan joriy yil aprel oyida bosqichma-bosqich tarzda Toshkent, Nukus, Xiva va Namangan shaharlaridagi Prezident maktablarining faoliyatini o‘rganish rejalashtirilgan.
O‘zA