Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident maktablari direktorlari va STEAM fanlari o‘qituvchilari uchun trening tashkil etildi
12:25 / 2022-08-29

Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan Prezident maktablari direktorlari hamda STEAM fanlari o‘qituvchilari uchun treninglar tashkil etildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – yangi o‘quv yili uchun samarali ta’lim dasturini shakllantirish, "Cambridge Assessment International Education" dasturi va qo‘llanmalaridan samarali foydalanishni tashkil etish hamda rahbar va pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini oshirishdan iboratdir.

– Har o‘quv yili oldidan shunday seminarlar tashkil etilishi yaxshi an’anaga aylangan, – dedi Toshkentdagi Prezident maktabi o‘qituvchisi Malika Tohirova. – Bu esa ishga yangi kelgan o‘qituvchilarning bilimini boyitish va oshirishda o‘zaro tajriba almashishda muhimdir.

Joel Gougx, Navoiydagi Prezident maktabi o‘qituvchisi (Yangi Zelandiya): – Men Prezident maktabida bir yil davomida ishladim. Bu yerda ta’lim jarayoni imkon qadar shaffof bo‘lishiga harakat qilinmoqda. Ayni paytda o‘qituvchilar o‘rtasidagi global hamkorlikni tobora kuchaytirish, bu borada malaka va ko‘nikmalarini oshirish ishlarini doimiy muvofiqlashtirib borish muhim deb sanayman.

Prezident maktablarida o‘quv dasturining o‘ziga xoslik jihati shundaki, mazkur o‘quv dasturi "Cambridge Assessment International Education" tashkiloti bilan hamkorlikda yaratilgan. Ushbu dastur asosida dars berishda o‘qituvchilardan o‘ziga xos metodikalar talab etiladi.

Treninglar har o‘quv yili boshlanishi arafasida "Cambridge Assessment International Education" tashkiloti tomonidan o‘tkazilib kelingan bo‘lsa, bu yildan o‘zimizning mahalliy trener ustozlarimiz tomonidan tashkil etilmoqda. Ular yurtimiz va chet ellik o‘qituvchilarning jonli muloqoti, samimiy fikr va tajriba almashinuviga asoslangani bilan ahamiyatlidir.

Seminar-trening davomida o‘qituvchilar bilan bir qator yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Prezident maktablarining ta’lim standartlari,  o‘quvchiga yo‘naltirilgan ta’lim tamoyillari,  loyiha ishlarini tashkillashtirish va baholash, o‘quvchilarning motivatsiyasini kuchaytirish,  formativ va summativ baholash tamoyillari shular jumlasidandir. Ayni paytda  darslarning rejalashtirish bosqichlari, Feedback berish qoidalar, A-level va IGCSE imtihonlariga o‘quvchilarni tayyorlash bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashildi.

Tadbirning birinchi kunida Prezident maktablarining ijrochi va akademik direktorlari uchun seminarlar bo‘lib o‘tdi.

Treninglar gibrid shaklda o‘tkazilmoqda. Seminar doirasida o‘tgan o‘quv yili davomida yaxshi natija ko‘rsatgan ustozlar sertifikat va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.


Nazokat Usmonova,

O‘zA